logotip
Привет, Гость!
Сейчас: 23:32
Вход Регистрация
РЕКОМЕНДУЕМ
Спортивные новости (new)
Новостная лента

Flik "Barselona"ga liderlar so'radi

 14 AVGUST, 2026, 12:36

"Barselona" bosh murabbiyi Xansi Flik jamoa tarkibiga nafaqat yuqori saviyadagi, balki katta o'yinlar tajribasiga va etakchilik xususiyatlariga ega futbolchilarni jalb qilishni so'ragan.

SPORT jurnalisti Sergi Kapdevila ma'lumotiga ko'ra, Robert Levandovski va Ronald Arauxoning ketishi jamoa ichida tajriba va liderlik borasida ma'lum bo'shliq qoldirgan. Flik yangi mavsumda, ayniqsa Chempionlar Ligasining hal qiluvchi bosqichlarida bu omil katta ahamiyat kasb etishini hisobga olmoqda. Arauxo "Liverpul"ga ijaraga berilgan, Levandovski esa "Barselona"dagi faoliyatini yakunlagan.

Aynan shu jihat Rodri Ernandes transferiga Flikning darhol rozilik berishiga asosiy sabablardan biri bo'lgan. Nemis mutaxassisi 30 yoshli yarim himoyachining o'yin sifatlarini juda yuqori baholaydi, ammo uning xalqaro tajribasi va kiyinish xonasidagi etakchilik qobiliyatini ham alohida qadrlaydi.

Rodri 2024 yilda "Oltin to'p"ni qo'lga kiritgan va Ispaniya milliy jamoasini 2026 yilgi jahon chempionligiga sardor sifatida etaklagan. "Barselona"da uning kelishi yosh futbolchilar ko'p bo'lgan tarkibga tajriba va sovuqqonlik olib kirishi mumkin, deb hisoblashmoqda.

Kapdevilaga ko'ra, Flik Rodri transferi masalasida tashabbusni shaxsan o'z qo'liga olgan. Murabbiy futbolchiga qo'ng'iroq qilib, "Barselona"ning sport loyihasi, uning jamoadagi roli va rejalar haqida bevosita tushuntirish bergan. SPORT'ga tayanib tarqalgan avvalgi xabarlarda ham aynan Flikning shaxsiy qo'ng'irog'i Rodrining kataloniyaliklar variantiga jiddiy qarashida muhim omil bo'lgani aytilgan.

Ayni paytda transferning moliyaviy qismi hal qilinmagan. "Manchester Siti" "Barselona"ning dastlabki 45 mln evrolik taklifidan keyin 60 mln evro atrofidagi ikkinchi taklifini ham rad etgan. Manchesterliklar futbolchi uchun taxminan 60-65 mln funt talab qilmoqda. Rodri esa faoliyatini "Barselona"da davom ettirishga moyil ekani xabar qilinmoqda.

"Barselona"da sardorlar ham almashadi

Jamoadagi avlodlar almashinuvi sardorlik ierarxiyasiga ham ta'sir ko'rsatmoqda. Frenki de Yong jarohati sabab bir necha oy maydonga tusha olmasligi kutilmoqda. Shu bois yangi mavsumda Rafinya asosiy sardor, Pedri esa ikkinchi sardor vazifasini bajarishi kutilmoqda. Gavi va Erik Garsiya ham sardorlar guruhiga kirish uchun asosiy nomzodlardan.

Rafinya Flikning kiyinish xonasidagi eng ishonchli futbolchilaridan biri sifatida qaraladi. Pedridan esa murabbiy so'nggi mavsumlarda nafaqat maydonda, balki jamoa ichida ham kattaroq mas'uliyatni o'z zimmasiga olishni so'ragan. Erik Garsiya yoshlar jamoalarida ham sardor bo'lgan, Gavi esa asosiy tarkibda besh yillik tajriba to'plagan.

Tarkibda tajribali futbolchilar soni kamaygani ham Flikni o'ylantirayotgan omillardan. Voytsex Shchensni jamoaning eng katta yoshli va xarizmatik futbolchilaridan biri bo'lsa-da, "Barselona" Rodri kabi eng mas'uliyatli vaziyatlarda maydonda etakchilik qila oladigan futbolchiga ehtiyoj sezmoqda. Joau Kanseluning katta futboldagi tajribasi ham bu borada muhim deb baholanadi.

Shu tariqa, "Barselona" uchun Rodri transferi faqat tayanch yarim himoya pozitsiyasini kuchaytirish emas, balki jamoadagi liderlik muvozanatini tiklashga qaratilgan strategik qadam sifatida ham ko'rilmoqda. Flik uni Chempionlar Ligasi va mavsumning hal qiluvchi pallasida o'yin taqdirini o'zgartira oladigan futbolchilardan biri deb hisoblamoqda.

Manba: stadion.uz

butsanet

telegram
BILDIRILGAN FIKRLAR
ЗАБАВНЫЕ ФАКТЫ И ЦИТАТЫ