«Real» tarbiyalanuvchisini «Strasbur»ga 10 mln evroga sotmoqda
14 AVGUST, 2026, 12:18
«Real» akademiyasi tarbiyalanuvchisi Xakobo Ortega Madrid klubini tark etib, faoliyatini Frantsiyada davom ettirishga yaqin.
So'nggi ma'lumotlarga ko'ra, 20 yoshli hujumchi bugun «Kastilya»dagi jamoadoshlari bilan xayrlashgan. Futbolchining «Strasbur»ga o'tishi bo'yicha muzokaralar yakuniy bosqichga etgan va tomonlar transferning asosiy shartlarini kelishib olgan.
AS va Cadena SER ma'lumotiga ko'ra, «Strasbur» Ortega uchun 10 mln evro to'laydi. Bu summa evaziga frantsuz klubi futbolchiga bo'lgan huquqlarning 70 foizini oladi, «Real» esa qolgan 30 foizini o'z qo'lida saqlab qoladi. Madridliklar kelishuvga futbolchining kelajagini nazorat qilish imkonini beruvchi qayta sotib olish va ustuvor huquq kabi mexanizmlarni ham kiritgan.
Ortega asosan «Real Madrid C» safida harakat qilgan bo'lsa-da, mavsum davomida «Kastilya» va yoshlar jamoasida ham o'ynadi. U 2025/26 yilgi mavsumda barcha yosh toifalari hisobida 19 ta gol urdi va ayniqsa UEFA Yoshlar ligasidagi o'yinlari bilan e'tibor qozondi.
Frantsiya klubining taklifi Ortegaga qiziqqan boshqa jamoalar orasida eng jozibador deb topilgan. «Strasbur» BlueCo guruhiga tegishli bo'lib, ushbu tuzilma Angliyaning «Chelsi» klubiga ham egalik qiladi.
Ushbu kelishuv «Real» akademiyasi uchun ham tarixiy ahamiyat kasb etadi. Ortega asosiy jamoada biror marta rasmiy o'yinga tushmasdan turib sotilgan klub tarbiyalanuvchilari orasida eng qimmat transferga aylanadi.
Endi futbolchining Frantsiyaga yo'l olishi, tibbiy ko'rikdan o'tishi va shundan so'ng «Strasbur» bilan shartnoma imzolashi kutilmoqda.
