«Chelsi» 2020 yildan beri futbolchi sotishdan 1 mlrd funtdan ortiq daromad qildi
14 AVGUST, 2026, 12:12
Londonning «Chelsi» klubi 2020 yildan beri futbolchilarni sotishdan eng ko'p mablag' ishlagan klub bo'lib turibdi.
Transfermarkt ma'lumotlari asosida tuzilgan reytingga ko'ra, «ko'klar» so'nggi yillarda futbolchilar transferidan 1,084 mlrd funt daromad olgan. Bu ko'rsatkich bo'yicha «Chelsi» eng yaqin ta'qibchisi «Benfika»ni 327 mln funtga ortda qoldirmoqda. Reytingning evro hisobidagi versiyasida London klubining transfer daromadi qariyb 1,27 mlrd evroni tashkil etadi.
2020 yildan beri futbolchi sotishdan eng ko'p daromad qilgan klublar: «Chelsi» — 1,084 mlrd funt «Benfika» — 757 mln funt «RB Leyptsig» — 706 mln funt «Atalanta» — 655 mln funt «Aston Villa» — 648 mln funt «Renn» — 625 mln funt «Vulverhempton» — 624 mln funt «Manchester Siti» — 623 mln funt «Brayton» — 606 mln funt «PSJ» — 522 mln funt«Chelsi»ning bu boradagi yuqori ko'rsatkichi klubning so'nggi yillarda transfer bozorida nafaqat katta mablag' sarflayotgani, balki futbolchilarni yuqori narxlarda sotishga ham muvaffaq bo'layotgani bilan bog'liq.
Xususan, London klubi Kay Xavertsni «Arsenal»ga 75 mln evro, Meyson Mauntni «Manchester Yunayted»ga qariyb 68 mln evro, Konor Gallaxerni «Atletiko»ga 42 mln evro, Yan Matsenni «Aston Villa»ga 44 mln evro atrofida sotgan. 2025 yilda Noni Maduekening «Arsenal»ga transferi ham klubga katta mablag' keltirgan.
Ayni paytda bu raqamlarni sof transfer foydasi bilan adashtirmaslik kerak. Reyting klublarning futbolchilarni sotish orqali olgan umumiy tushumiga asoslangan — ularni avval xarid qilish uchun sarflangan mablag' hisobdan chiqarilmagan. Transfermarkt transfer daromadi va xarajatlarini alohida statistika sifatida yuritadi.
