O'zbekiston milliy terma jamoasi Toshkentda Eronga qarshi o'rtoqlik o'yini o'tkazadi
13 AVGUST, 2026, 15:00
Eron milliy terma jamoasi 2027-yili Saudiya Arabistonida bo'lib o'tadigan Osiyo Kubogi musobaqasiga qadar beshta o'rtoqlik uchrashuvida maydonga tushishni rejalashtirmoqda.
Xabarga ko'ra, 2026-yilgi Jahon chempionatida nisbatan yaxshi o'yin ko'rsatganiga qaramay, guruhdan chiqa olmagan eronliklar yanvar oyida bo'lib o'tadigan qit'a birinchiligiga jiddiy tayyorgarlik ko'rmoqda. JCh-2026 oldidan etarli darajada kuchli raqiblar bilan o'rtoqlik o'yinlari o'tkaza olmagan Eron futbol federatsiyasi bu safar xatoni takrorlamaslikka va tayyorgarlik bosqichini sifatliroq o'tkazishga qaror qilgan.
Osiyo Kubogiga qadar terma jamoalar ixtiyorida faqat ikkita FIFA kunlari mavjud: birinchisi 21-sentyabrdan 6-oktyabrgacha, ikkinchisi esa 9-noyabrdan 17-noyabrgacha. Eron futbol federatsiyasi rahbari Mehdi Toj ushbu muddatdagi rejalar haqida to'xtalib o'tdi:
“Birinchi FIFA kunlarida terma jamoa uchun 3 ta o'yin tashkil etilgan. Raqiblardan biri Jahon chempionatida ishtirok etgan Osiyo jamoasi bo'ladi (katta ehtimol bilan O'zbekiston), ikkinchisi esa Rossiya terma jamoasi. Uchinchi o'yin hali to'liq tasdiqlanmagan, ammo raqib Evropa jamoasi bo'ladi”.
Toj nega o'yinlar haqidagi barcha ma'lumotlar ochiqlanmayotganiga ham izoh berib, keyingi yig'indagi rejalarni ma'lum qildi:
“O'yinlar haqidagi rasmiy xabar Eron futbol federatsiyasi, mezbon mamlakat hamda homiylar tomonidan bir vaqtning o'zida e'lon qilinadi. Ushbu uchta uchrashuv uchta turli davlatda — bittasi Osiyoda, ikkitasi Evropada bo'lib o'tadi. 9-noyabrdan 17-noyabrgacha bo'lgan muddatda esa Eron terma jamoasi Iroqda bo'lib o'tadigan turnirida ishtirok etib, u erda ikkita o'yin o'tkazadi”.
Eslatib o'tamiz, avvalroq, O'zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro ham Eron bilan o'rtoqlik uchrashuvini o'tkazish bo'yicha muzokaralar davom etayotganini aytib o'tgan edi.
