President's Cup. Sakkizinchi raketkani mag'lub etgan Sultonov 1/4 finalga chiqdi
12 AVGUST, 2026, 16:48
Qozog'istonning Astana shahrida o'tkazilayotgan tennis bo'yicha "CHellenjer 50" toifasiga kiruvchi, mukofot jamg'armasi 63 000 dollarni tashkil etuvchi turnirda chorak finalchilar aniqlanmoqda.Musobaqada O'zbekistonning ikkinchi raketkasi Humoyun Sultonov ham muvaffaqiyatli odimlamoqda. Turnirga zaxira o'yinchisi sifatida qo'shilgan vakilimiz 1/16 finalda italiyalik Aleksandr Bindani 6/3, 6/2 hisobida mag'lubiyatga uchratgandi.
Bugun Humoyun 1/8 finalda turnirning sakkizinchi raketkasi, argentinalik Luchio Rattini mag'lub etishning uddasidan chiqdi. Bir soatu 54 daqiqa davom etgan bahsda Sultonov 6/4, 7/5 hisobida zafar quchdi. Tennischimiz 6, Ratti 3 ta eys zarbasini amalga oshirdi. Qo'shxatolar namanganlik tennischida ko'proq bo'ldi - 7 ga 5. Bu tennischilarning o'zaro o'tkazgan ilk uchrashuvi bo'ldi.
Taqqoslash uchun, Sultonov ayni paytda ATP reytingida 508, Binda 571, Ratti esa 380-o'rinni egallab turibdi. Humoyunning 1/4 finaldagi raqibi kechroq malum bo'ladi.

Manba: olamsport.com
