O'zbekiston terma jamoasi Iroqdagi to'rt terma jamoa ishtirokidagi turnirda qatnashishi mumkin
11 AVGUST, 2026, 20:30
O'zbekiston milliy terma jamoasi yil oxirida Iroqda o'tkazilishi rejalashtirilayotgan to'rt terma jamoa ishtirokidagi turnirda qatnashishi mumkin.
Arablarning WinWin nashri ma'lumotiga ko'ra, Iroq futbol federatsiyasi Basra shahrida 9–17 noyabr kunlari xalqaro turnir o'tkazishni rejalashtirmoqda. Musobaqa terma jamoalarning bo'lajak xalqaro uchrashuvlarga tayyorgarligi doirasida tashkil etiladi.
Turnirda ishtirok etish uchun Eron birinchi bo'lib taklifni qabul qilgan. Eron terma jamoasi shtabi ushbu musobaqani yuqori darajadagi o'quv-mashg'ulot yig'ini o'tkazish va raqobatbardosh nazorat uchrashuvlarida ishtirok etish uchun yaxshi imkoniyat sifatida baholamoqda.
Ma'lumotlarga ko'ra, Rossiya terma jamoasi ham mazkur to'rtlikdan joy olishi kutilmoqda.
Shuningdek, Iroq futbol federatsiyasi O'zbekiston futbol federatsiyasi bilan muzokaralarni boshlagan. Manbaga ko'ra, O'zbekiston tomoni musobaqada ishtirok etishga printsipial rozilik bildirgan.
Biroq hozircha turnir ishtirokchilarining barchasi bo'yicha rasmiy tasdiq e'lon qilinmagan.
