Darvin Nunes Salohning yangi jamoadoshiga aylanishi mumkin
9 AVGUST, 2026, 18:00
«Trabzonspor» Muhammad Saloh transferini rasmiylashtirib, transfer bozorida katta shov-shuv ko'targanidan so'ng yana bir mashhur hujumchini tarkibiga qo'shishni maqsad qilmoqda. Turkiya klubi rahbariyati Darvin Nunesni jamoaga olib kelish uchun «Al-Hilol» bilan muzokaralarni boshladi.
«Trabzonspor» Nunes va Salohning «Liverpul»da birga o'ynagan davridagi hujumkor hamkorligini qayta tiklashni rejalashtirmoqda.
27 yoshli urugvaylik hujumchi Saudiya chempionatida asosiy tarkibdagi o'rnini yo'qotganidan so'ng Evropa futboliga qaytishni istamoqda. Nunes avvalroq «Beshiktosh»ga o'tishga rozilik bergan edi, ammo ushbu transfer amalga oshmadi. Shu orqali «Trabzonspor» uchun muzokaralarga qo'shilish imkoniyati paydo bo'ldi va klub «Al-Hilol» hamda futbolchining vakillariga rasmiy taklif yo'lladi.
Saudiya klubi Nunesni jamoadan ketishiga rozi, ammo bitim ijara asosida amalga oshirilishi shart. Chunki «Al-Hilol» futbolchini transfer qilish uchun avvalroq 53 million dollar sarflagan.
«Trabzonspor» esa urugvaylik hujumchini ko'ndirish uchun unga yiliga 7 million evro maosh taklif qilmoqda.
