Mubadala DC Open. Kudermetova dunyoning 10-raketkasiga "jang" taklif qildi
31 IYUL, 2026, 10:32
AQSH poytaxti Vashington shahrida WTA 500 toifasiga kiruvchi, mukofot jamg'armasi 1 mln 637 ming 982 dollarni tashkil etgan turnir bo'lib o'tmoqda.Mamlakatimizning uchinchi raketkasi Polina Kudermetova nufuzli musobaqaning saralash bahslaridagi ikki g'alabasi evaziga asosiy to'rga yo'llanma olgandi. Vakilamiz 1/16 finalda ham ajoyib g'alabani qo'lga kiritdi. Polina dunyoning 40-raketkasi, ispaniyalik 28 yoshli Kristina Buksha ustidan irodali g'alabaga erishdi - 5/7, 7/6(4), 6/0.
Nimchorak finalda esa tennischimizni jiddiy sinov kutayotgandi. Kudermetova dunyoning o'ninchi, Vashington turnirining ikkinchi raketkasi, ukrainalik tajribali tennis malikasi Elina Svitolinaga qarshi kortga chiqdi. Birinchi set tay-brekda Elina foydasiga hal bo'ldi - 7/6(4).
Darvoqe, Polina birinchi setda 5/3 hisobida oldinga chiqib olgan bo'lsa-da, bu ustunlikni g'alabaga aylantira olmadi. Bundan ruhlangan Svitolina ikkinchi setda ham zafar quchdi - 6/4. Bir soatu 29 daqiqa davom etgan bahsda ikkala tennischi 4 tadan eys zarbasini amalga oshirdi. Qo'shxatolar hamyurtimizda ko'proq bo'ldi - 12 ga 9. Bu tennischilarning o'zaro o'tkazgan ilk uchrashuvi edi.
Taqqoslash uchun, Kudermetova ayni paytda WTA reytingida 108, Elina Svitolina 10-o'rinni egallab turibdi. Dushanba kuni elon qilinadigan yangi reytingda Polina Top-100`talikka kirib olishi mumkin.

Manba: olamsport.com
