Quantbox Chennai Grand Masters 2026. Abdusattorov amaldagi toj sohibi Gukeshga qarshi bahs olib bordi
20 IYUL, 2026, 13:32
Hindistonning CHennay shahrida o'tkazilayotgan shaxmat bo'yicha nufuzli "Quantbox Chennai Grand Masters 2026" turnirida 4-tur uchrashuvlari ortda qoldi.Mukofot jamg'armasi 79 500 AQSH dollarini tashkil etuvchi musobaqada O'zbekiston sharafini grossmeysterimiz Nodirbek Abdusattorov himoya qilmoqda. Hamyurtimiz turnirda mag'lubiyatsiz odimini davom ettirmoqda.

Abdusattorov 4-turda amaldagi jahon toji sohibi Gukesh Dommarajuga qarshi bahs olib bordi. Murosasiz kechgan partiyada azaliy raqiblar murosa ko'chasini tanlashdi. Uchrashuvda durang natija qayd etildi. Bu shaxmatchilarning o'zaro o'tkazgan 18-uchrashuvi bo'ldi. Nodirbek 3, Gukesh 2 ta uchrashuvda g'alabaga erishgan. Qolgan 13 ta partiyada durang natija qayd etilgan.

To'rtinchi turning qolgan barcha partiyalari ham durang natija bilan yakuniga etdi. Beshinchi tur oldidan turnir jadvalida franciyalik Alireza Firuzja 3 ochko bilan yakka peshqadamlik qilmoqda. Arjun Erigaisi 2,5 ochko bilan ikkinchi o'rinni band etgan bo'lsa, Nihal Sarin, Dmitriy Andreykin va Nodirbek Abdusattorov hisobida 2 ochkodan bor. Gukesh 1,5 ochko bilan qo'shimcha ko'rsatkichlarga ko'ra so'nggi 8-o'rindan joy olgan.
Bugun 5-turda Nodirbek Abdusattorov qora donalarda hindistonlik Nihal Saringa qarshi bahs olib boradi.

Manba: olamsport.com
