Quantbox Chennai Grand Masters 2026. Abdusattorov ikkita turda qanday natija qayd etdi? Bugun Gukeshga qarshi o'yin!
19 IYUL, 2026, 12:32
Hindistonning CHennay shahrida o'tkazilayotgan shaxmat bo'yicha nufuzli "Quantbox Chennai Grand Masters 2026" turnirida 3-tur uchrashuvlari ortda qoldi.Mukofot jamg'armasi 79 500 AQSH dollarini tashkil etuvchi musobaqada O'zbekiston sharafini grossmeysterimiz Nodirbek Abdusattorov himoya qilmoqda. Hamyurtimiz 1-turda amerikalik Hans Mok Niemann bilan durang o'ynagan edi.
Ikkinchi va uchinchi turlarda ham uning ishtirokidagi partiyalarda murosa ko'chasi tanlandi. Nodirbek avvaliga hindistonlik Arjun Erigaisi, keyin esa 3-turda yana bir mezbon shaxmatchi Pranesh bilan durangga imzo chekdi.
Bugun Abdusattorov 4-turda amaldagi jahon toji sohibi Gukesh Dommarajuga qarshi bahs olib boradi. SHu kungacha shaxmatchilar o'zaro 17 marotaba to'qnash kelishgan. Nodirbek 3, Gukesh 2 uchrashuvda g'alabaga erishgan. Qolgan 12 ta partiyada durang natija qayd etilgan.
Bugungi partiyalar bizning vaqt bilan soat 14:30da boshlanadi. To'rtinchi tur oldidan turnir jadvalida franciyalik Alireza Firuzja 2,5 ochko bilan yakka peshqadamlik qilmoqda. Arjun Erigaisi 2 ochko bilan ikkinchi o'rinni band etgan bo'lsa, Nihal Sarin, Dmitriy Andreykin va Nodirbek Abdusattorov hisobida 1,5 ochkodan bor. Gukesh 1 ochko bilan 7-o'rindan joy olgan.

Manba: olamsport.com
