Palmer Angliya terma jamoasidan chetda qolgani haqida: "O'zgartirib bo'lmaydigan qaror tufayli qayg'urmoqchi emasman"
25 IYUN, 2026, 19:06
"Chelsi" yarim himoyachisi Koul Palmer Angliya terma jamoasining Jahon chempionati — 2026 uchun qaydnomasidan joy olmagani borasida ilk bor ommaviy ravishda fikr bildirdi. Futbolchi hozirda mavsumlararo tanaffusni Ispaniyaning Ibitsa orolida o'tkazmoqda.
"Bu yozda yaxshilab dam olmoqchiman. So'nggi 3-4 yil ichida ilk bor kuch yig'ib, tiklanib olmoqchiman va keyin o'zim yaxshi ko'rgan ishga qaytaman", — dedi Palmer "i-d.co" nashriga bergan intervyusida.
Eslatib o'tamiz, ushbu futbolchi Garri Maguayr, Fil Foden va Trent Aleksander-Arnold kabi bir qator boshqa mashhur o'yinchilar qatori Angliya terma jamoasining Jahon chempionati uchun qaydnomasiga kiritilmagan edi.
"Bu mavsum faoliyatimdagi eng yaxshisi bo'lmadi, ammo bu endi hech narsani o'zgartirmaydi. Men o'zgartirib bo'lmaydigan qaror tufayli kuyib-pishmoqchi emasman va jamoaga muvaffaqiyat tilayman", — deya ta'kidladi u.
Shuningdek, futbolchi agar dam olish jadvali yo'l qo'ysa, Angliya terma jamoasining uchrashuvlarini kuzatib borish niyatida ekanligini qo'shimcha qildi.
