«Lion» «Yuventus»da ishi yurishmagan 26 yoshli belgiyalik hujumchini sotib olmoqchi
20 IYUN, 2026, 18:06
Frantsiyaning «Lion» klubi hujumchi Lui Opendani o'z safiga qo'shib olish uchun kurashga kirishdi. Bu haqda taniqli insayder va jurnalist Janluka di Martsio o'z saytida xabar berdi.
«RB Leyptsig»dan sotib olinganidan so'ng transfer huquqi «Yuventus»ga tegishli bo'lgan forvard shu yozdayoq Turin klubini tark etishi mumkin. Manbaning ta'kidlashicha, 26 yoshli belgiyalik futbolchining xizmatlariga «Monako», APL vakili «Nottingem Forest» hamda Germaniyaning «Ayntraxt» klublari ham jiddiy qiziqish bildirmoqda.
Italiyadagi debyut mavsumi Openda uchun ancha omadsiz kechdi. U Turin klubi safida barcha musobaqalarda 37 ta o'yinda maydonga tushib, bor-yo'g'i 2 ta gol urdi. Vaholanki, u bundan oldin «Leyptsig» va «Lans» jamoalarida juda yuqori mahsuldorlik namoyish etib kelayotgan edi.
Di Martsioga ko'ra, «Lion» ayni paytda hujum chizig'ini kuchaytirishga juda muhtoj va belgiyalik futbolchini o'z transfer ro'yxatidagi asosiy va ustuvor nomzodlardan biri sifatida ko'rmoqda.
