«Mundialning eng yoqimtoy futbolchisi». Fayzullaev Kolumbiya ijtimoiy tarmoqlarida yulduzga aylandi
20 IYUN, 2026, 03:48
O'zbekiston terma jamoasi yarim himoyachisi Abbosbek Fayzullaev JCh-2026dagi tarixiy o'yindan keyin Kolumbiya ijtimoiy tarmoqlarida katta mashhurlikka erishdi.
O'zbekiston terma jamoasi Kolumbiyaga 1:3 hisobida mag'lub bo'lganiga qaramay, 22 yoshli vinger lotinamerikalik muxlislar e'tiborini o'ziga jalb qildi. Fayzullaevning ismi X va Instagram ijtimoiy tarmoqlarida trendga aylandi.
Kolumbiyalik foydalanuvchilar, ayniqsa qizlar futbolchining tashqi ko'rinishini yuqori baholab, uni «Mundialning eng yoqimtoy futbolchisi» deb atashmoqda. Shuningdek, muxlislar Fayzullaevni Kolumbiya terma jamoasining asosiy futbolchilaridan biri hisoblangan «Benfika» yarim himoyachisi Richard Rios bilan taqqoslashmoqda.
Eslatib o'tamiz, O'zbekiston terma jamoasining jahon chempionatlari tarixidagi ilk uchrashuvida Abbosbek Fayzullaev mamlakatimiz futbol tarixidagi birinchi mundial goliga mualliflik qildi.
Mexikodagi «Atsteka» stadionida bo'lib o'tgan bahsning 60-daqiqasida jamoa sardori Eldor Shomurodov xavfli zarba yo'lladi. Kolumbiya darvozaboni Kamilo Vargas to'pni qaytargan bo'lsa-da, u uzoq ustun tomonga yo'naldi. Vaziriyatni kuzatib turgan Fayzullaev esa boshi bilan to'pni darvoza to'riga yo'llab, tarixiy golni urdi.
