Portugaliyada Amorimning «Milan» haqidagi eski gaplarini yodga olishdi
15 IYUN, 2026, 17:42
«Manchester Yunayted» sobiq bosh murabbiyi Ruben Amorim bundan bir necha yil avval «Milan»ni boshqarish istagi borligi haqida ochiqchasiga gapirgan edi. Uning 2017 yilda Portugaliyaning Expresso nashriga bergan intervyusida aytgan so'zlari, Italiya klubiga ehtimoliy tayinlanishi haqidagi xabarlar fonida yana kun tartibiga qaytdi.
O'sha paytda murabbiylik faoliyatini endigina boshlayotgan Amorim o'zining futbolchilik davridagi orzularini yodga olgan edi:
«Bolaligimda «Benfika» va «Milan» o'yinlarini tomosha qilishni yaxshi ko'rardim. «Milan» tarkibida Maldini, Barezi, Gullit, Raykard, Savichevichlar to'p surgan uchrashuvlar muhrlangan kassetalar hali ham yodimda. Bolalikdagi orzum «Benfika» va «Milan»da o'ynash edi. «Benfika» futbolchisiga aylanib, orzumning bir qismini amalga oshirdim. Endi esa «Milan»da murabbiy bo'lishim kerak», — degan edi u o'shanda tabassum bilan.
So'nggi ma'lumotlarga ko'ra, tomonlar o'rtasidagi muzokaralar yakuni pallasiga yaqinlashgan va tez orada mutaxassisning tayinlangani rasman e'lon qilinishi mumkin.
