O'zbekistonlik hakamlar U-17 Evropa chempionatida qimmatli tajriba to'plashmoqda
4 IYUN, 2026, 23:30
UEFA va Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) o'rtasidagi almashinuv dasturi doirasida o'zbekistonlik hakam Asker Najafaliev va yordamchi hakam Ruslan Serazitdinov 2026 yil Estoniyada o'tkazilayotgan U-17 Evropa chempionati o'yinlarida faoliyat olib bormoqda.
Yosh futbolchilar uchun xalqaro maydonda muhim tajriba vazifasini o'taydigan mazkur musobaqa Najafaliev va Serazitdinov uchun ham katta o'quv maktabiga aylandi. Ular turnir davomida bir qator uchrashuvlarni boshqarishdi, jumladan, mezbon Estoniyaning musobaqadagi tarixiy debyuti bo'lgan Ispaniyaga qarshi bahsda ham ishlashdi.
Yangi chaqiriqlarga moslashishAsker Najafalievning ta'kidlashicha, Evropa va Osiyo futboli o'rtasidagi o'yin uslubi hamda futbolchilarning xulq-atvoridagi farqlar uning uchun eng muhim tajribalardan biri bo'ldi.
— Yangi konfederatsiyada hakamlik qilish juda qiziq va muhim. Turli o'yin uslublarini ko'rasiz va hakam sifatida ularga turlicha yondashishingizga to'g'ri keladi. Eng muhimi esa boshqaruv masalasi. Chunki futbolchilarning xarakteri va harakatlari mintaqalarga qarab farq qiladi. Bu kabi yangi vaziyatlarga duch kelish kelajakda katta yordam beradi, — dedi Najafaliev.
U Evropa futbolidagi yuqori saviyaga ham alohida to'xtaldi:
— Evropaning ko'plab klublari dunyoning eng kuchli jamoalari hisoblanadi. Bu erdagi yosh futbolchilarning ayrimlari hatto Chempionlar ligasida qatnashuvchi klublarning asosiy tarkibiga yaqinlashib qolgan. Ularning mahorati va texnikasi yuqori darajada. Ispaniya ishtirokidagi o'yinni boshqarish menga juda yoqdi, chunki ular safida ko'plab iqtidorli futbolchilar bor edi.
Maydon tashqarisidagi o'rganish jarayoniTurnir davomida ikki o'zbekistonlik hakam boshqa hakamlar bilan birgalikda seminarlar va tahliliy yig'inlarda ham qatnashdi.
Ruslan Serazitdinovning fikricha, UEFAning ta'lim berish uslubi OFKdan biroz farq qiladi.
— Bu bizga ayrim bahsli vaziyatlarga boshqacha nazar bilan qarash imkonini berdi. Kelajakda bunday tajriba to'g'ri qaror qabul qilishimizga yordam beradi, — dedi u.
Najafaliev esa UEFA mutaxassislaridan olingan maslahatlar kelajak faoliyatida muhim ahamiyat kasb etishini ta'kidladi.
— Joylashish, futbolchilarni boshqarish va o'yinni nazorat qilish bo'yicha ko'plab tavsiyalar oldik. Hamkasblarimiz ham ishimiz haqida o'z fikrlarini bildirishdi. Bu tajriba kelajakda OFK musobaqalarida va ehtimol FIFA turnirlarida ham rivojlanishimizga yordam beradi, — dedi u.
Konfederatsiyalar o'rtasidagi hamkorlik mustahkamlanmoqdaHakamlar almashinuv dasturi UEFA va boshqa qit'a konfederatsiyalari o'rtasidagi hamkorlikning muhim qismlaridan biri hisoblanadi. Aprel oyida UEFA Afrika futbol konfederatsiyasi, KONKAKAF va Okeaniya futbol konfederatsiyasi bilan yangi hamkorlik memorandumlarini imzoladi. Ularda hakamlarni rivojlantirish masalasiga alohida e'tibor qaratilgan.
Shuningdek, UEFA va OFK o'rtasida ayollar futbolini rivojlantirish bo'yicha ham qator qo'shma dasturlar amalga oshirilmoqda.
Asker Najafalievning so'zlariga ko'ra, Estoniyadagi tajribaning yana bir muhim jihati UEFA hakamlari tomonidan ko'rsatilgan samimiy munosabat bo'lgan.
— UEFAdagi hamkasblarimiz bizga xuddi bir konfederatsiya vakillaridek munosabatda bo'lishdi. O'zimizni xuddi uydagidek his qildik. Bu esa bizga katta ishonch bag'ishladi, — dedi Najafaliev.
