Namanganda “Salomatlik sari 10 000 qadam” marafoniga start berildi
1 MAY, 2026, 17:00
Namangan viloyatida sog'lom turmush tarzini keng targ'ib qilish, aholining jismoniy faolligini oshirish maqsadida “Salomatlik sari 10 000 qadam” shiori ostida ommaviy marafon bo'lib o'tdi.Mazkur salomatlik marafoni Davlatobod tumanida joylashgan Yangi O'zbekiston bog'i hududida yuqori kayfiyatda boshlandi. Tadbir Namangan viloyati sport boshqarmasi hamda viloyat sog'liqni saqlash boshqarmasi hamkorligida tashkil etildi.
Marafonda nuroniylar, sportchi yoshlar, tibbiyot xodimlari, turli tashkilot va korxona vakillari hamda keng jamoatchilik faol ishtirok etdi. Ishtirokchilar dastlab 10 000 qadamlik yurish marafonida qatnashib, sog'lom turmush tarziga sodiqliklarini namoyon etdilar.
Tadbirning rasmiy ochilish marosimida viloyat hokimi SHavkatjon Abdurazzoqov so'zga chiqib, barchani sog'lom hayot tarziga amal qilishga chaqirdi.
Marafon doirasida ishtirokchilar uchun boy madaniy va sport dasturlari ham taqdim etildi. Estrada yulduzlarining chiqishlari, sportchilarning ko'rgazmali namoyishlari hamda moda ko'rgazmalari tadbirga yanada ko'tarinki ruh bag'ishladi.
Tadbir yakunida “Hokim kubogi” musobaqalari doirasida oliy talim muassasalari o'rtasida o'tkazilgan sport bellashuvlarida g'oliblikni qo'lga kiritgan jamoalar munosib taqdirlandi.










Manba: olamsport.com
