Sergey Fomin Shymkent Challenger bosh sovrini uchun o'ynaydi!
24 APREL, 2026, 15:32
Mamlakatimizning birinchi raketkasi Sergey Fomin Qozog'istonning SHimkent shahrida o'tkazilayotgan Challenger 50 toifasiga kiruvchi turnirda to'rtinchi raqam ostida tasniflangan raqibini mag'lubiyatga uchratdi.Mukofot jamg'armasi 63 000 AQSH dollarini tashkil etuvchi turnirda biroz avval 1/2 final uchrashuvlari o'tkazildi. Hamyurtimiz turnirning to'rtinchi raketkasi, Bosniya va Gercegoviniya vakili Andrey Nedichni irodali tarzda mag'lubiyatga uchratdi. Birinchi setni boy bergan Fomin yakunda kambek amalga oshira oldi - 4/6, 6/1, 6/4.
Taqqoslash uchun, Fomin ayni paytda ATP reytingida 359, 21 yoshli Nedich 285-o'rinni egallab turibdi. Bir soatu 57 daqiqa davom etgan bahsda ikkala tennischi ham 1 tadan eys zarbasini amalga oshirdi. Sergey o'z geymlaridagi to'p uzatishlarda qo'shxatoga yo'l qo'ymadi. Andrey esa qo'shxatolar 3 tani tashkil qildi. Bu tennischilarning o'zaro o'tkazgan ilk uchrashuvi bo'ldi.
Ertaga Sergey Fomin musobaqa bosh sovrini uchun qozog'istonlik Timofey Skatovga qarshi kortga chiqadi. Turnirning birinchi raketkasi sifatida saralangan Skatov ayni paytda ATP reytingida 198-o'rinni egallab turibdi. U bugun 1/2 finalda turnirning oltinchi raketkasi, franciyalik Antuan Gibaudoni ortiqcha qiyinchiliksiz taslim etdi - 6/2, 6/2. Fomin - Skatov final uchrashuvi ertaga bizning vaqt bilan soat 13:00da boshlanadi.

Manba: olamsport.com
