Polina Kudermetova dunyoning 71-raketkasini mag'lub etdi
1 APREL, 2026, 09:16
AQSHning CHarlston shahrida tennis bo'yicha mukofot jamg'armasi 2 mln 300 ming AQSH dollarini tashkil etuvchi WTA 500 turkumidagi turnir davom etmoqda.Mamlakatimizning uchinchi raketkasi Polina Kudermetova musobaqaning asosiy to'r bahslariga saralash turniridagi ikki g'alabasi evaziga yo'l olgan edi. Vakilamiz kecha tunda asosiy to'rning ilk davrasida ukrainalik Oleksandra Oliynikovaga qarshi kortga chiqdi. Ikki soatu 24 daqiqa davom etgan murosasiz bahsda 22 yoshli Kudermetova raqibasini uch set natijasiga ko'ra qiyinchilik bilan mag'lubiyatga uchratdi - 3/6, 7/6(1), 6/4.
Malumot uchun, Kudermetova hozirda WTA reytingida 156, Oliynikova 71-o'rinni egallab turibdi. Polina 4, Oleksandra 3 ta eys zarbasini amalga oshirgan. Qo'shxatolar ukrainalik tennischida ko'proq bo'ldi - 6 ga 4. Bu tennischilarning o'zaro o'tkazgan ikkinchi uchrashuvi bo'ldi. SHu yilning 25 fevral kuni Turkiya turniridagi ilk bahsda Oliynikova uch set natijasiga ko'ra g'alaba qozongandi.
Bugun Polina Kudermetova 1/16 finalda dunyoning 24-raketkasi, kanadalik iqtidor egasi Leyla Fernandesga qarshi kortga chiqadi. Ushbu bahs bizning vaqt bilan soat 23:30da boshlanadi. Turnirda to'qqizinchi raqam ostida tasniflangan Leyla o'z ishtirokini to'g'ridan-to'g'ri ikkinchi davradan boshlaydi.

Manba: olamsport.com
