Australian Open. Amaldagi chempionning yurishi boshlandi
20 YANVAR, 2026, 09:32
Avstraliyaning Melburn shahrida tennis bo'yicha "Katta Dubulg'a" turkumiga kiruvchi yilning dastlabki turniri davom etmoqda.Ayollar o'rtasidagi bahslarda amaldagi chempioni Medison Kiz titul himoyasiga kirishdi. Dunyoning to'qqizinchi raketkasi bo'lib turgan amerikalik tennis malikasi ilk davrada WTA reytingida 92-pog'onadan joy olgan ukrainalik Aleksandra Oleynikovani 7/6(6), 6/1 hisobida mag'lubiyatga uchratdi.
Bu tennischilarning o'zaro o'tkazgan ilk uchrashuvi bo'ldi. Bir yuz ikki daqiqa davom etgan bahsda Kiz 2, Oleynikova 1 ta eys zarbasini amalga oshirgan. Qo'shxatolar Medisonda bir necha barobar ko'p bo'ldi - 8 ga 1. Breyklar bo'yicha ham tabiiyki, u ustunlik qildi - 6 ga 3.
Endi amaldagi chempion ikkinchi bosqich uchrashuvida vatandoshi Eshlin Kryugerga qarshi kortga chiqadi. Amerikalik tennischi o'z o'rnida birinchi davra bahsida chexiyalik Sara Beylekdan ikki setda ham bir xil hisobda ustun keldi - 6/3, 6/3.

Manba: olamsport.com
