logotip
Assalom-u alaykum, Mehmon!
Soat: 20:16
KirishA'zo bo'lish
TAVSIYA QILAMIZ:
Real Madrid Fans Uzbekistan
Chiroyli.com - Tezkor yangiliklar
Uzfutbol.net - Futbol yangiliklari
G'oyibdan kelgan omad qushi yoxud, «Tottenhem»ni o'ziniki qilayotgan Nunu

 31 AVGUST, 16:25 131

.

Uch o'yin, uch g'alaba va o'tkazib yuborilgan gollarsiz. Premer-liga turnir jadvalida yakka peshqadam va bularning barchasi Harri Keynni jamoada saqlab qolgan holda. “Tottenhem” muxlislari uchun avgust oyi bundan zo'r o'tishi mumkin emasdi.

Bu avgust uchun ideal stsenariy, ayniqsa asosiy raqibning o'yinlarini hisobga oladigan bo'lsak, “Arsenal” startdagi uch mag'lubiyatdan so'ng to'plar nisbati 0:9 va turnir jadvining oxirgi pog'onasida. Go'yo, “shporlar” uchun bundan baxtli kunlar yo'q.

Nunu – “Tottenhem”ning chempionatni uchta g'alaba bilan boshlagan birinchi murabbiyi

72 yil davomida “shporlar” chempionatni ketma-ket uchta g'alaba bilan boshlamagan edi. Bu oxirgi marta London klubi bilan 1949-50 yillar mavsumida sodir bo'lgan, o'shanda Artur Rou boshchiligida “Tottenhem” ketma-ket 10 uchrashuvda g'alaba qozongan. Bu natija faqat ikkinchi divizionda sodir bo'lgandi. Lekin bu mavsumdagi Nunu Santu jamoasining natijasi mukammal, ayniqsa, “Tottenhem” umuman gol o'tkazib yubormaganini hisobga olsak.

Mavsum avvalida yana bir boshqa holat yuz beryapti. Ya'ni “Tottenhem” etakchi “Arsenal” esa jadvalning eng quyida joylashgan. Hech qachon bu holat APL turnir jadvalida kuzatilmagan holat ekan.
London klubi rahbariyati pragmatik murabbiyni jamoaga taklif qilib, adashmaganga o'xshaydi.

Aftidan, “Tottenhem” o'zi bilmagan holda omad qushini topib oldi

Albatta, bu natijalar yana qancha davom etishini vaqt ko'rsatadi. Lekin Nunu Santu boshchiligidagi jamoaning birinchi uchrashuvlardagi o'yinlari haqida faqatgina optimistik fikrlar paydo bo'la boshladi. O'zi Santuni “Tottenhem”ga qanday kelib qolganini eslaysizmi ?

Ten Xag, Nagelsmann va Fliklar umuman muzokara qilishdan ham bosh tortishdi, Rojers “Lester”ga bergan va'dasini bajardi. Pochettino esa PSJda yangi transferlar bo'lishini bilib jamoada qoldi. Konte Paratichining chaqirig'i bilan “Tottenhem”ga kelishga tayyor edi, lekin Levi italiyalikning talablarini ortiqcha deb hisobladi. Gattuzo varianti muxlislarga ma'qul tushmadi. Natijada klub “Vulverxempton”dan ketishni rejalashtirib yurgan Santuni jamoaga taklif qildi.

Ba'zida qiyin vaziyatlarda qilingan qarorlar bizni yuqori maqsadlarga erishishga turtki bo'lib xizmat qiladi. Portugaliyalik o'zini Premer-ligada “Vulverxempton” boshchiligida qanday murabbiy ekanligini hammaga ko'rsatib qo'ygandi. U jamoasi bilan APLda ikki marta ettinchi o'rinni egalladi. U bir vaqtning o'zida pragmatik futbol namoyish qilishi bilan birga g'alabalardan maqtanib yurmaydi. So'nggi yillardagi Mourinoning aksi.

U “Vulverxempton”ni doimo maksimum kuchda o'ynashga o'rgatdi. Londonliklar bilan ham bu ishni takrorlab ko'rishga harakat qiladi. “Shporlar” mavsumni kuchli to'rtlikda yakunlashsa hech ham ajablanmaslikni maslahat beraman. Bundan tashqari Santu jamoaviy yutuqlarni olib kelishi mumkin. Masalan, Konferentsiyalar ligasi g'olibiga aylanish.

Keynni safda olib qolish, jamoaga ishonch bag'ishlaydi

Transfer oynasi davrida Harri Keynning “Manchester Siti”ga o'tishi muqarrar bo'lib tuyuldi, lekin sardor jamoada qolmoqda bu “Tottenhem” va Levi uchun katta g'alaba. Yuqori darajada o'ynaydigan haqiqatan ham bebaho futbolchilar jahon futbolida hali ham borligining bir isboti bo'ldi bu voqea. Aytaylik, jamoa Keynni sotdi va 150 million funtni oldi. Birinchidan, bu miqdor kadrlarni kuchaytirishga teng kelmaydi, ikkinchidan, dunyoda “Tottenhem”da o'ynashga tayyor bo'lgan Harri darajasidagi boshqa futbolchining o'zi yo'q. Ba'zi yo'qotishlar o'rnini shunchaki bosish mumkin emas.

Hozirgi peshqadamlik hech nimani hal qilmaydi

“Tottenhem” Premer-ligani “Manchester Siti” ustidan g'alaba bilan boshladi, keyin esa yangi murabbiyning sobiq klubini mag'lub etishdi. FIFA kunlari oldidan “Uotford”ning ham qarshiligi sindirildi. “Man Siti” va “Uotford”ga qarshi o'yinlarda Son Xyon Min g'alaba to'plarini kiritdi, “Vulverxempton”ga qarshi o'yinda “shporlar”ning asosiy tarkibiga qaytgan Dele Alli penaltidan gol urdi. Nunu Santu ketma-ket uch g'alabadan so'ng, o'z fikri bilan o'rtoqlashdi:

Bu g'alabalar umuman hech narsani anglatmaydi. Hammani, nafaqat futbolchilarni, balki muxlislarimizni ham “Tottenhem”ning peshqadam ekaniga e'tibor bermaslikka chaqiraman. Keling, ishlashda davom etaylik, bizda hali ko'p ishlar bor, o'yinning ko'p jihatlarini takomillashtirish kerak”.

“Tottenhem”ning uchta g'alabasi ko'p xulosalar chiqarishga etmasligi aniq. Ammo Santuning kelishi bilan jamoa o'z tarixida qayd etilmagan ko'rsatkich namoyish etdi.

“Bu faqat boshlanishi. Men har doim aytganman, men uchun jismoniy holat, tashkilotchilik va jamoa bo'lib ishlash muhim. Mening vazifam – bu tizim va o'zaro aloqalarni o'rnatish va men yigitlarimning iqtidoriga shubha qilmayman. Biz izchil va diqqatli bo'lishimiz, o'yindan o'yinga o'sishimiz va rivojlanishni to'xtatmasligimiz kerak”.

Xulosa

Umuman olib qaraganda Santu har bir murabbiy gapirishi kerak bo'lgan fikrlar bilan chegaralandi. Uning qanday jamoa tuzayotganini esa futbolni faqat gollari uchun tomosha qiladigan muxlislar tushinmasligi mumkin. Ammo haqiqiy muxlislar sinfi borki, ular tahlilni boshlab yuborgan. Siz ham tahlil qiling, APL jozibasidan bahra oling. “Tottenhem”ga muxlislik qiling.

Ruslan Maksimov tayyorladi

Manba: stadion.uz

Yangiliklarni Telegramda o'qing!
BILDIRILGAN FIKRLAR
QIZIQARLI FAKT VA IQTIBOSLAR