logotip
Assalom-u alaykum, Mehmon!
Soat: 16:10
KirishA'zo bo'lish
TAVSIYA QILAMIZ:
Real Madrid Fans Uzbekistan
Chiroyli.com - Tezkor yangiliklar
Fergyusondan qo'ng'iroq, Fernandeshning maslahati va 25 mln funtlik maosh. Ronalduning «Manchester Yunayted»ga qaytishi tafsilotlari

 30 AVGUST, 07:40 152

.

Krishtianu Ronalduning «Manchester Siti»ga o'tishi kutilgan bir vaziyatda barchasi o'zgarib ketdi. Hammasi bir necha soat ichida o'zgarib ketdi: Krishtianu «Manchester Yunayted»ga qaytadigan bo'ldi.

The Athletic’ning ma'lumotlariga ko'ra, transfer narxi 15 million evroga (+8 million bonus) baholangan. Ronaldu esa 2 yillik shartnoma imzoladi va yiliga 25 million funt oladigan bo'ldi.

Quyida ushbu transfer tafsilotlari bilan tanishamiz.

Krishtianu 2003 yildan 2009 yilga qadar Aleks Fergyuson qo'l ostida «Manchester Yunayted» sharafini himoya qilgan. Afsonaviy shotlandiyalik murabbiy qo'l qovushtirib o'tirmadi va Ronalduning transferiga o'z hissasini qo'shdi. Jurnalist Samyuel Lakxerstning (Manchester Evening News nashriga «Manchester Yunayted» bo'yicha xabarlar yozadi) ta'kidlashicha, rahbariyat transfer oldidan Fergyuson bilan maslahatlashgan.

Yana bir muhim jihat — bosh murabbiy Ole-Gunnar Sulsherning pozitsiyasi. 2003 yildan 2007 yilga qadar birga o'ynagan jamoadoshining qaytishidan u ham xursand. Norvegiyalik mutaxassis 36 yoshli futbolchining ulkan tajribasi yoshlar uchun o'rnak bo'ladi deb hisoblaydi. Transferdan bir necha soat oldin u Krishtianu haqida iliq fikrlar bildirgandi.

"Biz doim yaxshi munosabatda bo'lganmiz. Brunu Fernandesh u bilan suhbatlashgan. Ronaldu haqida biz qanaqa fikrda ekanligimizni u biladi. Krishtianu ‘Yuventus’dan ketayotgan bo'lsa, bizni qaerdaligimizni biladi. Ronaldu — ‘Manchester Yunayted’ afsonasi. U bilan birga o'ynash sharafiga muyassar bo'lganman. Ko'ramiz, buyog'i nima bo'lar ekan".

Krishning o'zi ham qaytayotganidan xursand. «Qoyilmaqom kambekka tayyorman», — deb agentiga murojaat qilgani haqida xabar qildi Fabritsio Romano.

Avvalroq Krishtianuning «Real»ga qaytmasligini aytgan Karlo Anchelotti ham o'z fikrini bildirib o'tdi: «Ronalduning o'zi sevgan jamoaga qaytayotgani, albatta, yaxshi xabar».

Sky Sports jurnalisti Keyv Koliholning aytishicha, «Manchester Yunayted»dan taklif bo'lgach, Ronaldu darhol boshqa takliflarni rad etgan. Mankunianlar ushbu yozda Krishtianu transferini rejalashtirmagan edi. «Yuventus» uni qo'yib yubormasligiga ishonardi. Ammo imkoniyat paydo bo'lishi bilan manchesterliklar transfer uchun kurashga qo'shildi.

«Manchester Yunayted» kim bilandir xayrlashadimi?

Jeydon Sancho va Rafael Varanni xarid qilgan «Manchester Yunayted» transfer bozorida ancha jarangdor ishtirok etdi. Endi klub maoshlarni to'lashi uchun yanada ko'proq pul zarur.

Xabarlarga ko'ra, 7-raqam egasi Edinson Kavani jamoada qoladi. «Vest Hem» Jessi Lingardni o'z safiga qo'shib olish istagida. Lekin Sulsher angliyalik futbolchiga ishonishini aytib o'tdi.

«U hali ham rejalarimga kiradi. Lingardni ‘Yunayted’ safida ko'rishni xohlayman. O'tgan mavsum oxirida ‘Vest Hem’ tarkibida nimalar qilganini hamma ko'rdi. Jessi o'ziga ishongan holda tarkibga qaytdi. U jamoada qoladi va asosiy tarkib uchun kurashadi», — dedi Sulsher.

Ronaldu «Yuventus» bilan qanday xayrlashdi?

Portugaliyalik futbolchining «Yuventus» bilan shartnomasi 2022 yilda yakuniga etishi kerak edi. Ammo tomonlar hozir aloqalarni uzishga rozi bo'ldi. Turinliklar koronavirus pandemiyasi sabab moliyaviy inqirozga uchradi. Maoshlar va xarajatlarni kamaytirish borasida bosh qotirayotgandi. Lekin klub portugaliyalikni sotishi haqida hech qaerda e'lon qilmadi.

Krishtianu Italiyadagi barcha musobaqalarda g'olib bo'ldi. Ammo Chempionlar Ligasi sovrinini qo'lga kiritish nasib etmadi. Yangi mavsum boshida jamoadan ketmoqchiligini aytdi. Payshanba kuni Jorje Mendesh Turinga uchib keldi. «Yuventus» agentga futbolchiga xaridor topish uchun bir necha soat vaqt berdi.

Juma kuni Ronaldu «Yuventus» bazasiga tashrif buyurdi va jamoadoshlari bilan xayrlashib, 40 daqiqadan so'ng u erni tark etdi. Bosh murabbiy Massimiliano Allegri futbolchi jamoani tark etayotganini tasdiqladi: «Ronaldu qaydnomaga kirmaydi. Kecha u menga endi jamoada o'ynamasligini aytdi. Bugun mashg'ulotlarda ham ishtirok etmadi. Krishtianudan xafa emasman. U ‘Yuventus’ni tark etishni xohladi, bu uning tanlovi. Hozir yangi jamoa izlamoqda. Hayot shunaqa ekan».

Kunning ikkinchi yarmida Ronaldu Turinni tark etdi.

«PSJ» va «Manchester Siti»ga nima bo'ldi?

Messi va Ronalduni bir jamoada ko'rishning imkoni bo'lmadi. Parij jamoasi xo'jayini Nossir al-Halayfiy Ronaldu bilan shartnoma imzolanmasligini tasdiqladi.

«Manchester Siti» esa shartnoma taklif qilishga ulgurmasdan, transfer uchun kurashdan chiqdi. «Shaharliklar» bosh murabbiyi Xosep Gvardiola portugaliyalik futbolchi jamoaga moslashib ketishiga shubha bilan qaragan.

Lekin Pepning o'zi futbolchining o'zi qaror qabul qilishi haqida gapirgandi: «Qaerda o'ynashni Krishtianuning o'zi hal qiladi. Ronaldu va Messi ajoyib futbolchilar. Ular — oxirgi 20—30 yillikning eng yaxshi futbolchilari».

Krishtianuning «shaharliklar» safiga o'tishi mumkinligini eshitgan Rio Ferdinand hayron qoldi. Payshanba kuni u Ronalduga qo'ng'iroq qilib, «Manchester Siti»ga o'tmayotganini aytishni so'ragan.

«Undan ‘Manchester Siti’ga o'tmayotganini tasdiqlashini so'radim. Ronaldu ‘Yo'q’ degan javob aytishini kutgandim. Farzandlarim Ronalduning ‘Manchester Siti’ formasini kiyganini ko'rishini istamayman.

Agar ‘Yunayted’ va ‘Siti’ bilan bir stol atrofida o'tirib, ‘Siti’ni tanlasa, biz xafa bo'lishimiz uchun sabab bo'lardi. U ‘Manchester Yunayted’dan boshqa jamoani tanlamasligi aniq edi. Ronaldu qadriyatlarni hurmat qiladi».

«Manchester Yunayted» Krishtianu Ronaldu bilan kelishuvga erishganini e'lon qildi. Ronaldu yaqin orada Manchester klubida tibbiy ko'rikdan o'tib, shartnoma imzolaydi.

Manba: stadion.uz

Yangiliklarni Telegramda o'qing!
BILDIRILGAN FIKRLAR
QIZIQARLI FAKT VA IQTIBOSLAR