logotip
Assalom-u alaykum, Mehmon!
Soat: 16:28
KirishA'zo bo'lish
TAVSIYA QILAMIZ:
Real Madrid Fans Uzbekistan
Chiroyli.com - Tezkor yangiliklar
Yo'qotilgan qiymat: 2021 yilda transfer narxi arzonlashgan 10 futbolchi

 29 AVGUST, 17:05 165

.

Yaqinda Transfermarkt saytida futbolchilar narxini yana yangilandi. Bu fonda, ma'lum bir futbolchining narxlari qanday o'zgarishini kuzatib, ma'lum xulosalar chiqarish mumkin. Keling, 2021 yilda transfer narxi pasaygan yulduzlarni ko'rib chiqamiz.

Roberto Firmino: 50 million evro (-22 million)

So'nggi paytlarda Firminoning ko'rsatkichlari pasaymoqda. “Liverpul”ga o'tganidan so'ng, hujumchi ketma-ket 4 yil davomida Premer-ligada har mavsumda 10 yoki undan ko'p gol urgan. Oldingi ikkita mavsumda esa forvard 9 tadan gol urdi. Braziliyalik Premer-ligada 36-38 uchrashuv o'tkazganini hisobga olsak, bu ko'rsatkich eng yuqori ko'rsatkich emas. Bularning barchasi futbolchining transfer qiymatiga ta'sir qiladi, uning narxi joriy yil davomida 22 million evroga kamaydi. Firmino 2019 yil oxirida o'zining transfer narxi cho'qqisiga chiqdi. O'sha yili uning narxi 90 mln evroga baholangan. O'shandan beri futbolchining narxi asta-sekin tusha boshladi.

Kleman Langle: 25 million evro (-25 million)

O'tgan mavsum Langle va uning jamoasi uchun ideal bo'lmadi. “Barselona” himoyachisi tez-tez golli xatolari va umuman zaif o'yini uchun tanqid qilindi. Hatto mish-mishlarga qaraganda, kataloniyaliklar frantsuzni sotmoqchi, garchi futbolchining o'zi hali jamoani o'zgartirish niyatida emas. Joriy yilning 7 oyida futbolchi 2 barobar arzonlashdi. Langlening eng yuqori transfer narxi 2019 yilning dekabrida qayd etilgan bo'lib, himoyachi 60 million evroga baholangandi. Frantsuzning hozirgi ko'rsatayotgan o'yini 60 mln bir chetda tursin hozirgi narxiga ham mos emas. Ehtimol, u tez orada klubini o'zgartirar. Futbolchiga “Roma” qiziqish bildirmoqda.

Renan Lodi: 25 million evro (-25 million)

Lodi Langle bilan bir xil holatda 7 oy davomida “Atletiko” himoyachisi ham 2 barobar arzonlashdi. O'tgan mavsumda braziliyalik har bir uchrashuvda o'rtacha 49 daqiqa o'ynagan. Bu uning faoliyatidagi eng yomon ko'rsatkichi. Diego Simeone tez-tez o'yinchini zaxirada qoldirardi yoki hatto uni maydonga umuman tushirmasdi. Bu futbolchining transfer bahosida aks etdi. Yangi mavsumda Lodi La Ligada 2 o'yinda atigi 13 daqiqani maydonda o'tkazdi. Balki braziliyalik uchun vaziyat kelajakda o'zgarar, lekin hozircha bu dargumon.

Virjil van Deyk: 55 million evro (-25 million)

Van Deyk bilan bog'liq vaziyatda hammasi tushinarli. “Liverpul” himoyachisining sifati va professionalligiga hech kim shubha qilmaydi. Niderlandiyalik futbolchining transfer qiymatiga uning o'tgan mavsumni deyarli o'tkazib yuborgani ta'sir ko'rsatdi. Futbolchi APLda atigi 5 o'yin o'tkazishga muvaffaq bo'ldi, shundan so'ng jiddiy jarohat olib, uzoq muddatga safdan chiqdi. Hozirda safga qaytgan Virjil 2019 yil dekabridagi rekord 100 mln evrolik transfer qiymatiga chiqa oladimi yo'qmi bu ham qiziq. Ko'pgina mutaxassislar niderlandiyalik futbolchining qaytishi “Liverpul” yana chempionlik uchun da'vogarga aylanganini ta'kidlamoqda.

Neymar: 100 million evro (-28 million)

O'tgan mavsum Neymar uchun eng yaxshi mavsumlaridan biri bo'lmadi. PSJ hujumchisi tez-tez jarohat oldi va bir qator uchrashuvlarni o'tkazib yubordi. Natijada Liga 1'da atigi 9 ta gol urdi. Bu braziliyalikning so'nggi 8 yildagi eng yomon ko'rsatkichidir. Bungacha futbolchi “Barselona”dagi birinchi mavsumida 10 dan kam gol urgan edi. Biroq, futbolchining transfer narxi hali ham yuqori. Ta'kidlash joizki, Transfermarkt hech qachon Neymarni PSJ unga to'lagan 222 million evroga baholamagan. Braziliyalik futbolchi uchun eng yuqori ko'rsatkich 2019 yil iyun oyida 180 mln evro bo'lgan.

Miralem Pyanich: 20 million evro (-30 million)

“Yuventus”dan “Barselona”ga o'tish Pyanichning faoliyatidagi eng katta xatolardan biri bo'ldi, deb aytsak bo'ladi. O'tgan mavsumda Miralem La Ligada 19 o'yin o'tkazib, bironta golda ishtirok etmadi. Bu bosniyalikning karerasidagi eng yomon ko'rsatkichdir. Yangi mavsumda yarim himoyachi umuman maydonga tushmadi. Ispanlar tezroq futbolchidan qutulmoqchi, lekin unga xaridor topilmayapti. Pyanichning bozor qiymatining eng yuqori cho'qqisi 2018 yilning oktyabridan 2019 yilning dekabrigacha davom etdi. Bu davrda bosniyalik 70 million evroga baholandi.O'shandan beri yarim himoyachining transfer narxi pasayib bormoqda.

Filippe Koutino: 30 million evro (-30 million)

Koutinoning jarohatlari va o'yin vaqti bilan bog'liq muammolari davom etmoqda. “Barselona” 135 mln evroga xarid qilgan futbolchining bugungi narxi 30 millionga tushib qolganiga ishonish qiyin. Transfermarkt ma'lumotlariga ko'ra, braziliyalik futbolchi 2018 yilning dekabrida 150 million evroga baholangan. Bu futbolchining eng yuqori ko'rsatkichi edi. Yarim himoyachining qiymati keskin tushib ketdi. Bunga “Barselona”dagi beqarorlik, “Bavariya”ga berilgan ijara va jarohatlar ta'sir qildi, shu sababli Filippe mavsum boshidan beri maydonga tushmadi. Koutinoning Kataloniya klubidagi kelajagi noaniqligicha qolmoqda. OAV yozishicha, kataloniyaliklar bir necha oydan buyon futbolchi uchun xaridor qidirishgan. Shu bilan birga, “ko'k-anorranglilar” ustozi Ronald Kuman o'yinchiga ishonishini aytib kelmoqda

Saul: 40 million evro (-30 million)

O'tgan mavsum Saul uchun oson bo'lmadi. “Atletiko” etakchilaridan biri sifatida u rotatsion o'yinchiga aylandi. Jamoa uchun chempionlik mavsumida Diego Simeone negadir yarim himoyachiga odatdagidan kamroq ishonch bildirdi. O'tgan mavsumdan so'ng, ispaniyalikning transfer narxi ancha tushib ketdi. U 2018 yil oktyabridan 2019 yil dekabrigacha bo'lgan davrda o'zi uchun rekord 90 million evroga baholangan. Saul joriy mavsum La Ligada “Atletiko” safida 2 ta to'liq o'yin o'tkazdi va hatto assistentlik qildi. Biroq, uning jamoadan ketishi mumkinligi haqidagi mish-mishlar to'xtagani yo'q. Futbolchini bir nechta Premer-liga klublari o'z saflariga qo'shib olishga tayyor.

Trent Aleksandr-Arnold: 75 million evro (-35 million)

Trent 2019/20 yilgi mavsumni juda kuchli o'tkazdi, Premer-ligada 14 golli uzatmani amalga oshirgan “Liverpul” himoyachisi “Manchester Siti” yarim himoyachisi Kevin de Bryuynedan keyin ligadagi eng yaxshi pleymekerga aylandi. So'nggi mavsumda “qizillar” tarbiyalanuvchisi 7 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Hujumda Trent yomon emasdi, lekin himoyada tez-tez xato qilardi. Bu futbolchining transfer narxiga sezilarli ta'sir ko'rsatdi. Uning rekord ko'rsatkichi 2020 yil oktyabr oyida qayd etilgan. O'sha vaqtda Arnold 110 million evroga baholangan.

Sadio Mane: 85 million evro (-35 million)

Umuman olganda Mane uchun o'tgan mavsum omadsiz o'tmadi. Senegallik Premer-ligada 11 ta gol urdi va 7 ta golli uzatma berdi, bu asosan vinger vasifasidagi futbolchi uchun yomon emas. Ammo avvalgi mavsumlar bilan solishtirganda katta farqni ko'rishimiz mumkin. Statistikadagi pasayish bevosita uning transfer qiymatiga ham ta'sir qildi. 2019 yilning dekabrida Mane 150 mln evroga baholangan. Senegallik futbolchining o'zi ham o'tgan mavsumdagi o'yinini salbiy baholadi va yangi mavsumda yaxshiroq harakat qilishiga umid bildirdi. Yangi mavsumda u APL doirasida gol kiritishga ham ulgurdi.

Ruslan Maksimov tayyorladi

Manba: stadion.uz

Yangiliklarni Telegramda o'qing!
BILDIRILGAN FIKRLAR
QIZIQARLI FAKT VA IQTIBOSLAR