logotip
Assalom-u alaykum, Mehmon!
Soat: 02:30
KirishA'zo bo'lish
TAVSIYA QILAMIZ:
Real Madrid Fans Uzbekistan
Chiroyli.com - Tezkor yangiliklar
Arosatda qolgan «fir'avn» millat g'ururini tanlaydi. «Liverpul» Salohni majburlab ushlab qololmaydi

 29 AVGUST, 00:10 146

.

«Liverpul» yaqin yillar oralig'ida transferlar oynasida u qadar faol bo'lgani yo'q. Ayniqsa, o'tgan mavsum kadrlar etishmovchiligi borasida ham ba'zi muammolar ko'zga tashlanganiga qaramay rahbariyat bu yo'lda o'z xotirjamligini namoyon etdi.

Virus va noqulay paytda orttirilgan jarohatlarga qaramay klub yuzaga kelgan kemtiklarni faqatgina akademiya yoshlari bilan to'ldirishga harakat qilmoqda. Bu esa albatta muxlislarni ajablantirmay qo'ymaydi. Joriy transferlar oynasida ham jamoa birgina himoyachi Ibrohim Konateni xarididan boshqa jiddiyroq transferni amalga oshirgani yo'q. Ko'rib turganingizdek, «qizillar» bozorda u qadar faol emas, biroq ular mavjud futbolchilar bilan shartnomani uzaytirishga katta e'tibor berishadi. Alisson, Virjil van Deyk, Fabino, Endryu Robertson va Trent Aleksandr-Arnold yaqin vaqt oralig'ida o'zlarining kelgusi faoliyatlarini «Liverpul»da davom ettirishga qaror qilishdi. Ayni damdagi muzokaralar esa jamoa sardori Jordan Xenderson bilan ham davom ettirilmoqda. Bosh murabbiy Yurgen Klopp futbolchi bilan shartnomaning muvaffaqiyatli uzaytirilishiga ishonadi.

Shuningdek, Klopp short-listida yana bir futbolchi borki, rahbariyat u bilan bog'liq muzokaralarga alohida e'tibor qaratgan. Bu Muhammad Saloh. Shubhasiz, jamoa har qanday holatda o'z liderining kelajagiga befarq bo'la olmaydi. Misrlik futbolchi «qizillar» safida 2017 yilning iyulidan beri o'ynab kelmoqda. Mersisaydliklar futbolchi uchun o'z vaqtida «Roma»ga 42 million evro to'lashgandi. Bir yil o'tgach u ingliz klubi bilan 5 yillik yangi shartnoma imzoladi. Ko'rib turibsizki, ushbu muddat hash pash deguncha o'z nihoyasiga etishga yaqin. Endi futbolchi bilan yana muzokaralar olib borish vaqti keldi. Salohning «Liverpul» bilan shartnomasi tugashiga 2 yil qolgan. Klub rahbariyati barchaga o'ta tejamkor xususiyati bilan tanish. Biroq Saloh masalasiga kelganda umumiy moliyani birinchi planga qo'yish kerak emas. Vaholangki, futbolchi jamoa uchun borini ayamaydi.

Saloh - «Liverpul»ning ayni damdagi eng qimmat futbolchisi. Transfermarkt portali o'yinchini 100 million evroga baholamoqda. Misrlik allaqachon 29 yoshda, lekin u hamon o'zining ajoyib formasida. Joriy mavsumning ortda qolgan ikki turi hisobiga ko'ra u ikkita gol urishga va 2 ta golli uzatmani amalga oshirishga ulgurdi. Umuman olganda, Muhammadning «qizillar» safidagi statistikasi ancha havas qilarli darajada. U klubi uchun jami 205 uchrashuvda maydonga tushib, 126 gol va 49 ta golli uzatma muallifiga aylangan. Saloh 4 yil davomida ketma-ket ravishda mersisaydliklar to'purari bo'ldi va klub tarixidagi eng yaxshi 10 ta «bombardir» ichidan joy oldi. Bu reytingda u 7-o'rinni egallaydi. Hatto, mutaxassislar tomonidan «Liverpul»ning eng og'ir davrlari deya taxmin qilingan o'tgan mavsumda ham hujumchi Premer-ligada 22 ta gol urishga muvaffaq bo'ldi. Bu borada u birgina Harri Keyndan ortda qoldi.

Buning ustiga Klopp qo'l ostidagi hujumkor jamoa uchun Saloh saviyasidagi hujumchi suv va havodek zarur. Buni uning mersisaydliklar futbolchisi sifatida o'rnatgan o'nlab rekordlari ham tasdiqlaydi. «Enfild»dagi birinchi mavsumidayoq hujumchi Premer-ligada 32 ta gol urishga erishdi. Bu esa ushbu turnir doirasida 1 mavsum uchun rekord  hisoblanadi. O'shandan beri hali hech kim bir mavsum davomida 25 ta ham gol urishning uddasidan chiqqani yo'q. Buning ustiga oxirgi evrokubok mavsumida Muhammad «Liverpul»ning Chempionlar Ligasidagi eng yaxshi to'purariga aylanib, «qizillar» afsonasi Stiven Jerrardni quvib o'tishga erishdi. Saloh klubi uchun bu mavsum ham  allaqachon bir rekordni o'rnatishga muvaffaq bo'lgan. U ketma ketma-ket 5 mavsumdan buyon Premer-liganing ochilish o'yinlarida gol urib kelayotgan tarixdagi yagona futbolchiga aylandi.

O'z navbatida «mersisaydliklar» safida Firmino, Mane va Jotalarda ham gol urish imkoniyati yuqori. Umuman olganda bugungi «Liverpul»ning hujum triosi (keyinchalik kvartetga aylangan) har qanday raqibga jiddiy muammo tug'dira olishi mumkin. Biroq shuni unutmaslik kerakki, Saloh - jamoaning asosiy zarba quroli. Usiz «Liverpul» ham gollar sonida, ham samarali harakatlar foizida oqsashi yaqqol ko'rinib qoladi. Qolaversa, Mane va Firminoning ham o'z shartnomalari bo'yicha 2 yil muddatlari qolgan xolos. «Qizillar» afsonaviy hujum uchligini saqlab qolish yo'lida harakat qilishadi.

Biroq buning uddasidan chiqish ancha mushkul. Shubhasiz, mersisaydliklar buni juda yaxshi anglab turishibdi. Bu erda hamma gap Salohning o'zida. Uning rahbariyat bilan o'zaro munosabatlari yaxshi emas. U bilan shartnomani uzaytirish borasida hali muzokaralar olib borilmagan. Bunga misrlikning terma jamoa shtabi va klub o'rtasidagi nizolari sabab bo'lmoqda. Gap shundaki, Klopp jamoa etakchisini o'z terma jamoasi uchun xalqaro maydondagi bahslarga qo'yib yubormoqchi emas. U shogirdini jarohat olish xavfi bilan bog'liq tavakkalga qo'l urolmaydi.

Iyun oyida «Liverpul» Salohni yozgi Olimpiya o'yinlariga qo'yib yubormadi. Bu ham etmaganidek, «qizillar» futbolchini 2022 yil sentyabr oyida bo'lib o'tadigan Jahon chempionati saralash o'yinlariga ham bermasligini ma'lum qildi. Rahbariyat bu qarorini futbolchi uchrashuvlardan keyin bir oylik karantinga tushib qolishi bilan izohladi. Bu esa APLning eng qizg'in pallasiga to'g'ri keladi. Albatta bu erda klubning pozitsiyasini tushunish mumkin, lekin Muhammadning o'zi bunday vaziyatdan ko'ngli to'q bo'lishi dargumon. Albatta barcha futbolchi qanday sharoitda bo'lishidan qat'i nazar, terma jamoada o'ynashni xohlaydi, buni kerak bo'lsa barcha narsadan ustun qo'yadi. Shu kabi omillar futbolchi va klub o'rtasidagi konfliktlarni keltirib chiqarmoqda. Natijada Saloh «Liverpul» bilan yangi shartnoma imzolash jarayonlarini sezilarli asoslarda ortga qoldirdi.

Avvaliga futbolchi «Enfild»da qolish istagini bildirdi va klubini unga yangi shartnoma tayyorlashda shoshilmayotganlikda aybladi. Rahbariyatga bu borada ochiqdan-ochiq shikoyat qildi. Keyinchalik, misrlik to'satdan bir intervyusida o'zini boshqa chempionatda sinab ko'rmoqchi ekanligini ta'kidladi. Bu kabi holatlar albatta boshqa grandlarning unga bo'lgan harakatini tezlashtirdi. Bu yo'lda anchadan beri «PSJ» faol bo'lib keladi. Parijliklar Salohni Kilian Mbappening o'rinbosari sifatida ko'rishni boshlagan. Frantsiya vitse-chempionlari hali ham Muhammadni short-listlaridan chiqarishmagan. Mish-mishlarga ko'ra, «PSJ» Saloh kelasi yozda «qizillar» bilan shartnomasini uzaytirmasa, uni sotib olishga urinib ko'radi. Ushbu transferni Mbappening «Real»ga yo'l olishini yanada tezlashtirib yuborishi mumkin.

Bu kabi xavfli va shubhali mish-mishlar «Liverpul» rahbariyatini etarlicha ogohlantirdi. Saloh bilan shartnomani uzaytirish bo'yicha muzokaralar boshlangan. «Enfild»da tomonlar kelajakdagi bitimning barcha jihatlarini (asosan moliyaviy) uzoq vaqt davomida  o'rganib chiqishdi va baribir futbolchiga har tomonlama manfaatli bo'lgan yangi shartnoma taklif etishga qaror qilishdi. Endi misrlikning haftasiga 200 ming funt olishi belgilandi. Shartnomaning uzaytirilishi haqidagi bandda 350 va hatto 450 ming funt sterling atrofidagi summa keltirilgan. Rahbariyat Salohni klub tarixidagi eng ko'p maosh oladigan futbolchiga aylantirishga rozi. Biroq, bu bilan, «qizillar» kelgusi mavsumlarda futbolchidan gollar urushdan to'xtab qolmaslikni talab qiladi. Katta maoshiga qaramay Saloh buni maydonda hali etarlicha oqlab berishiga barchaning birdek ishonchi komil.

Yusufbek Saydaliev tayyorladi

Manba: stadion.uz

Yangiliklarni Telegramda o'qing!
BILDIRILGAN FIKRLAR
QIZIQARLI FAKT VA IQTIBOSLAR