logotip
Assalom-u alaykum, Mehmon!
Soat: 17:11
KirishA'zo bo'lish
TAVSIYA QILAMIZ:
Real Madrid Fans Uzbekistan
Chiroyli.com - Tezkor yangiliklar
Diyor Imomxo'jaev Ibrohimxalil Yo'ldoshevning RPL klubiga o'tishi borasida fikr bildirdi

 28 AVGUST, 16:40 36

.

Ibrohimxalil Yo'ldoshevning "Nijniy Novgorod" bilan shartnoma tuzishi masalasida ba'zi jihatlarga e'tiboringizni qaratmoqchiman.

Birinchi galda Yo'ldoshev bu borada Eldor Shomurodov bilan gaplashganini aytdi. Ya'ni, himoyachiga "Jenoa"dan ham taklif bo'lgan. Ammo Eldor Ibrohimxalilga birinchi navbatda Rossiyada o'zini ko'rsatishni maslahat bergan. Chunki Eldorning o'zi avvaliga Karpin orqali "Rostov"da katta tajriba to'pladi va bu uning A seriyada yo'qolib qolmasligida muhim omil bo'ldi.

Ikkinchi galda Yo'ldoshev ko'rinishidan unga o'yin amaliyoti berishi mumkin bo'lgan klubga yo'l oldi. Aytaylik, nisbatan obro'liroq bo'lgan "Spartak" Oston O'runovga, "Lokomotiv" Jasur Jaloliddinovga qimmatga tushdi. "Rostov", "Ufa", "Nijniy Novgorod" singari klublar esa bizning futbolchilar tajriba to'plashi uchun yaxshi variant. Raqiblar o'sha-o'sha: "Spartak", "Lokomotiv", "Zenit", TsSKA va hokazo bo'lib qolaveradi. Bu juda katta maktab.

Ibrohimxalil kechaning o'zidayoq Rossiyada debyut qildi. Aleksandr Kerjakov himoyachini "Ximki"ga qarshi o'yinda asosiy tarkibga kiritdi va unga 70 daqiqa o'ynash imkoniyatini berdi. Agar Ibrohimxalilning intervyusini o'qigan bo'lsangiz, u Kerjakov bilan telefon orqali gaplashganidan keyingina hech bir shubhasiz shartnomaga imzo chekishga rozi bo'lganini aytgan. Ko'rinishidan, Kerjakov futbolchimizga ishonishi va unga o'ynash imkoniyatini taqdim etishini sha'ma qilgan.

Yana bir muhim jihat shuki, bugun Rossiyaning o'rtamiyona klublari Oston, Eldor, Odil Ahmedov kabi futbolchilar fonida O'zbekiston iqtidorlarga boy ekanini tan olyapti va ularni qo'lga kiritib, Evropaga sotish orqali pul qilish mumkinligini tushunib etishyapti. Evropa uchun Belarus, Ukraina ikkilamchi, Rossiya biz uchun hozircha birlamchi ko'prik, buni tan olishimiz kerak.

Va nihoyat eng muhim jihat – Kerjakov rossiyalik futbolchilar orasida haqiqiy Evropani ko'rgan kam sonli o'yinchilar sirasiga kiradi. Bu esa Ibrohimxalilning o'sishiga katta turtki bo'ladi deb o'ylayman. Eldor ham bejizga Karpindan qarzdorman, demaydi. Aynan Karpin unga Evropa sari yo'lni ko'rsatdi. Chunki uning o'zi uzoq yillar Ispaniyada to'p surgan va bu yo'lni hammadan yaxshi biladi. Futbolchiga aniq va konkret yo'l ko'rsata oladi. Kichikroq bo'lsa-da, Kerjakovda ham bunday tajriba bor. U o'z vaqtida "Sevilya" sharafini himoya qilgan, bir vaqt Shveytsariyada to'p surgan. Tabiiyki, bundan bizning futbolchimiz ham yutishi katta ehtimol. Chunki Ibrohimxalil ham Eldor singari Rossiyaning o'zida qolib ketmoqchi emas. Unda Eldordan-da ustunroq jihat bor, bu uning yoshi. 2001 yilda tug'ilgan talant uchun Evropada taklif etarlicha, faqatgina buning uchun Yo'ldoshev Rossiyada yo'qolib qolmasligi va katta o'sishga erishishi kerak. Bu esa oson bo'lmagan vazifa. Ammo futbolchini shaxsan taniganim uchun aytishim kerakki, u kurashuvchan yigit va Rossiyadek jismoniy zo'riqishi katta futbolda yakkakurashlardan qo'rqadigan futbolchi emas.   

Ha, aytgancha, "Paxtakor" Ibrohimxalilni tarbiya qilgan va buning uchun birinchi to'lovni qabul qilib oladi. Va Paxtakor ham umid qilyaptiki, ertaga ruslar futbolchimizni Evropaga pullashga harakat qilishadi. FIFA belgilab bergan birdamlik mexanizmi tushunchaki borki, futbolchining har bir transferi "Paxtakor"ga foyda keltiraveradi. Buni qolgan klublarimiz ham tushunib etishlari va o'rnak olishlari kerak.

Diyor Imomxo'jaev

Manba: stadion.uz

Yangiliklarni Telegramda o'qing!
BILDIRILGAN FIKRLAR
QIZIQARLI FAKT VA IQTIBOSLAR