Penaltilar dahosi ham tugatdi
17 SENTYABR, 2024, 07:24
Shveytsariya terma jamoasi darvozaboni Yann Zommer o'z faoliyatini yakunlaganligini e'lon qildi.
Bu hozirgi davrning muhim voqeasi. Futbolchi 30 yoshdan keyin chinakam yulduzga aylandi va milliy jamoa libosida bizga unutilmas lavhalarni hadya etdi.
PENAL'TILAR DAHOSI
Zommer JCh-2014dan keyin terma jamoaning asosiy darvozaboni maqomini oldi. Ungacha darvozani «Volfsburg»dagi o'yinlari bilan tanilgan Diego Benalo qo'riqlagandi. O'sha turnirda Shveytsariya 2-o'rin bilan guruhdan chiqqan va 1|8 finalda Argentinaga imkoniyatni boy bergandi.
2014 yilning 20 avgustida 30 yoshli Benalo terma jamoadagi faoliyatiga nuqta qo'ygach, Yann uning o'rnini egalladi va 10 yil davomida ishonchli o'yin ko'rsatdi. Vaholanki, terma jamoa zaxirasida Roman Byurki va Gregor Kobel kabi mohir posbonlar yo'q emasdi. Nima uchun aynan Zommerga ishonch bildirildi?
Javob oddiy - Yann ulardan ko'ra ishonchliroq edi. Terma jamoaning 94ta uchrashuvidan 35tasida u o'z darvozasi daxlsizligini ta'minlay olgandi. Grandlikka da'vo qilmaydigan Shveytsariya uchun maqtashga arziydigan ko'rsatkich.
Nisbatan past bo'yli (183 sm.) darvozabon oyoqlari bilan yaxshi o'ynashi, sakrash qobiliyati va to'g'ri pozitsiyani tanlay olishi evaziga ajoyib seyvlarni namoyish etardi. Yann hatto «to'qqizlik»ka yo'llangan to'plarni ham qaytara olardi.
2 marta Ramosni dog'da qoldirgan. 2020 yilda Serxio Ramos qit'aning eng zo'r penaltilar ustasi maqomiga ko'tarilgan, 32 urinishdan atigi 3tasida «nuqta»dan yo'llagan to'pi golga aylanmay qolgandi. Biroq noyabr oyida u chinakam posbonga duch keldi. EML turnirining Shveytsariya - Ispaniya uchrashuvida mergan himoyachi 2 marta 11 metrli jarima zarbasini golga aylantira olmadi. Natijada Zommer «duel»da g'olib chiqib, o'z jamoasini mag'lubiyatdan qutqarib qoldi. E'tiborlisi, bungacha Serxio qatorasiga 25ta penaltini bexato amalga oshirgandi.
Italiyani JCh-2022dan mahrum etdi. Jorjino ham taniqli penalti ustasi. Biroq JCh-2022ning saralash bosqichida u ham Zommer darvozasini ishg'ol eta olmadi va uchrashuv 0:0 hisobi bilan nihoyasiga etdi. Qizig'i, 2 oydan keyin Shveytsariya Italiyaga qarshi yana maydonga tushdi va Yann ikkinchi marta Jorjinodan ustun keldi. Shu tariqa Zommerning jamoasi «S» guruhidan joy oldi, Italiya esa to'qnash uchrashuvida Shimoliy Makedoniyani enga olmadi.
Penaltilar seriyasidagi seyv va Frantsiyaning nimchorak finaldan o'ta olmagani.
Zommer Evro-2020 turnirida ham mo''jiza muallifi bo'ldi. O'shanda u frantsuzlarning etakchi yulduzi bo'lmish Mbappening zarbasini qaytarib, Shveytsariyani chorak finalga olib chiqqandi.
ZOMMER HAMON MOHIR DARVOZABON
Ayni pallada ko'pchilikning fikricha, Yann terma jamoadagi faoliyatini ancha barvaqt yakunladi. 35 yoshli posbonning ishonchli o'yinlari «Inter»ning chempionlikka sazovor bo'lishiga sababchi bo'ldi. Top-ligalar beshligida u Donnarummadan keyingi o'rinni band etgan. Bundan tashqari, Zommer uchrashuvlarning 56 foizini «quruq» o'tkazgan. Bu ko'rsatkich bo'yicha Yann - yaqqol peshqadam.
Albatta, mazkur muvaffaqiyatning asosiy ijodkori «Inter». Andre Onanani «MYu» qimmat bahoda pullagan klub, uning o'rnini arzimas 7 mln. evro evaziga «Bavariya»dan xarid qilingan 34 yoshli posbon bilan to'ldirdi.
ZOMMERNING RAQOBATChILARI QAERDA? QANDAY O'ZGARIShLAR YuZ BERIShI MUMKIN?
Yanndan ikki yoshga kichikroq bo'lgan Byurki 2022 yildan beri MLSda to'p surmoqda. Kobel esa «Borussiya Dortmund» safida muntazam tanqidlar ostida faoliyatini davom ettirmoqda. EChLdagi ishonchli o'yinlaridan xulosa chiqaradigan bo'lsak, aynan u terma jamoada Zommerning o'rnini egallashi mumkin.
Shveytsariyaliklarning baxtiga, mamlakatda saviyali darvozabonlar maktabi mavjud. Terma jamoalar sharafini munosib himoya qila oladigan posbonlar aynan shu maskanda saboq oladilar. Yuqorida zikr etilgan Gregor Kobel terma jamoa libosida 5ta o'yinda maydonga tushgan bo'lsada, qit'aning eng qimmat darvozabonlari safida bormoqda.
30 yoshli Ivan Mvogo hozir «Loryan» klubining posboni. So'nggi yillarda zaxira o'yinchisi maqomiga ko'nikib qolgan, 2-darvozabon maqomiga ko'tarilishi ham mumkin.
Filipp Ken - 26 yoshli posbon hozir «Monako» darvozasini qo'riqlamoqda. Leyptsig va Zaltsburgda «Red Bull» maktabida tahsil olgan. Ken hozirning o'zida 3-darvozabonga aylanishga shay.
Paskal Loretts - navqiron posbon o'tgan yili «Lyutsern»ning asosiy tarkibida to'p surib, ko'pgina klublar e'tiborini tortdi. Hatto terma jamoaning yig'inlarida ham bo'ldi. Lekin debyutini nishonlashga ulgurmadi. Qisqasi, u kabi yosh iqtidorlar uchun hammasi hali oldinda.
S.RAHMONOV tayyorladi