logotip
Assalom-u alaykum, Mehmon!
Soat: 19:35
KirishA'zo bo'lish
TAVSIYA QILAMIZ:
Real Madrid Fans Uzbekistan
Chiroyli.com - Tezkor yangiliklar
Uzfutbol.net - Futbol yangiliklari
Vardi hech qaerga yo'qolmagan. «Qari tulki» «King Power»da ovga chiqadi

 25 AVGUST, 13:25 120

.

Bir klubda afsona darajasigacha ko'tarilgan futbolchilar bo'ladiki, muxlislar jamoasining har bir g'alabasi oldidan ularga ishonishadi, tajribasiga suyanishadi. Vardini ham «Lester» safidagi ana shunday jangchi qiyofasida shakllantirishga etarlicha asos bor. To'g'ri, uning o'yinlarida sekin asta pasayish ko'zga tashlanyapti. Biroq «qari tulki» hamon o'sha-o'sha. U o'zgarmagan. Yosh o'tishi mumkin, biroq insondan uning tajribasini hech kim tortib ololmaydi. 

Jeymi Vardi emotsiyalarga boy o'yinchi. U kerak bo'lsa butun mashg'ulot oylarini ham o'tkazib yuborishi mumkin. Uning o'rniga uyida - issiqqina kursida kofe bilan o'zi yoqtirgan futbol matchini ko'rishni afzal biladi. Ha, u xayoliga kelib qolgan hobbisidan chekinadiganlar xilidan emas.

Shundan bo'lsa kerak, o'yinga bo'lgan ishtiyoqi yig'ilib-yig'ilib maydonda borini chiqarib yuboradi, gollarini osonlik bilan urib ketaveradi va yakunda tulkilarga xos uvillab, burchak tayog'ini tilkalab tashlaydi. U bu erda go'yo raqiblarini qanchalik ayab o'tirmaganini ifodalab bergandek. Shunaqa, Vardini «King Power»dagi «quturgan» holatida hech kim to'xtatib qololmaydi. O'tgan hafta ham bu holat takrorlandi. U APL ilk turida azaliy raqiblardan biri bo'lgan «Vulverxepton» bilan bahsda yana katta sahnaga chiqdi. Uning yagona goli evaziga «tulkilar» «bo'rilar» ustidan zafar quchdi.

Gol nishonlash chog'ida esa har doimgidek burchak tomonga borvolganicha muxlislarga qaraya na'ra tortdi. Tribunadagi «Vulvz» muxlislarining esa vaziyatga bo'lgan unsiz nigohlarini tushunib olish qiyin emas edi. Biroq ular bundan unchalik ham ajablanishmadi - bu Vardi, hammasi odatdagidek. Ammo bu safar Jeymi o'zining navbatdagi qurbonini unchalik ham masxara qilib o'tirmadi, hissiyotlarini ichiga yutdi. Uning «King Power»da «Kristal Pelas» muxlislari qarshisida ko'rsatgan raqsi barchaning yodida bo'lsa kerak. Ayniqsa u «burgutlar» muxlislarining hamon yodidadirki, unga «burgut raqsi» nomini ham berishga ulgurishgan. Biroq joriy mavsumdagi yoshi o'tib qolgan Vardi biroz o'zini bosib olgandek. U muhim hodisalarga endi hissiyot bilan yondashmay qo'ygan. Shunga qaramasdan bu Vardining o'yini tushganini anglatmaydi. U hamon shu erda. «King Power»da raqiblariga qo'rquv solishda davom etadi. «O'sha» Vardi hech qachon qaytmaydi deb o'ylaganlar adashishadi.

Biroq shunga qaramay, Rodjers hujumchilar ro'yxatiga Patson Daka transferini qo'shdi, uning narxi 23 million evroga baholanganidan xabaringiz bor. Bu esa ko'pchilik «Lester» muxlislarining e'tiroziga sabab bo'ldi. Vardiga o'rganib qolgan ishqibozlar uchun yosh Daka varianti biroz erishdek tuyulmoqda. Xo'sh, Brendan Rodjers 34 yoshli inglizga qanchalik ishonishi mumkin? Yoki asosiy rejada zambiyalik iqtidor bormi?

Albatta, bu borada irlandiyalik mutaxassisning tanlovida qisman bo'lsada jon bor. Chunki o'tgan mavsumning ikkinchi qismi Vardi uchun u qadar omadli kelmadi. U bu vaqt oralig'ida atigi to'rtta gol urdi xolos. Oldinga intilishda ishtiyoqini yo'qotmagan bo'lsa da, bu muxlislarga u qadar manzur kelmadi. Noqulay jarohatidan arang tuzalgan Jeymi bu safar jamoaning eng yaxshi to'purariga aylangan Kelechi Iheanachoga uzatmalar etkazib beruvchi vazifasini bajarib turdi.

Barchaga ma'lumki, o'tgan mavsum hamma futbolchilar uchun ham juda og'ir o'tdi. Dastlab Evropa chempionati, so'ngra Olimpiada bahslarida ishtirok etish sportchidan katta kuch va iroda talab etadi. O'yinlar ko'p, dam olishga vaqt yo'q. Bunda esa tabiiyki, belgilangan ta'tillar ham ma'lum muddatga keskin qisqartiriladi. Qolgan futbolchilar mavsum boshlanishiga qadar klub bazasiga yaxshiroq formada qaytish uchun o'z shaxsiy murabbiylari bilan individual shug'ullanishga tushib ketgan bir paytda Vardi o'z xonasiga kirib olardi. Qo'lida bir bakal pivo va bir qadoq chips bo'lgan bu yigitga ortiqcha tashvish va o'ylar yoqmas edi. Biroq kam amaliyotli mashg'ulotlardan so'ng ham baribir maydonga o'sha monstr qaytaverardi. U butun yozni rafiqasi Rebekka va 5 farzandi atrofida o'tkazdi. Evropa chempionatini ham o'z uyida sokin tarzda kuzatib bordi.

Odamlar kulishadi, unga jiddiy hazillar qilishadi, lekin Vardi bunga sira ham ahamiyat bermaydi. Uning uchun o'sha-o'sha pivo, chipslar va televizordagi futbol - bularning barchasi uni yoshartiruvchi omillar. «Vulverxempton» bilan o'yin barchasini isbotladi. Ilk soniyalardanoq faxriy jangga juda erta intildi.

Gol urilgan vaziyatda ham unga qarshilik ko'rsatgan Konor Koadi va uning sheriklari Jeymiga unchalik e'tibor berishmadi. Biroq shu o'rinda vaziyatga ham deyarli tayyor emasliklari ma'lum bo'ldi. Barcha «bo'rilar» uchrashuv davomida zaxira o'rindig'ida qolgan Dakadan cho'chishardi. U kim o'zi? Qanchalik o'zini oqlaydigan transfer? Xullas barchaning diqqati 21 yoshli sirli zambiyalikka qaratilgan edi. Barcha uni maydonga chiqishini kutdi, lekin u almashtirilmadi - Rodjers bu erda hammani aldashga qaror qildi. Tanlov esa o'zini oqladi. Birinchi bo'lim tugashi arafasida u nihoyat uzoq kuttirgan golni raqib darvozasiga yo'lladi va muxlislar tomonga o'girilib qari tulkilarga xos ohangda uzoq uvilladi, o'yin so'nggida esa o'zi gol urgan to'pni tribunaga qarab uloqtirib yubordi. Bu uni unutib yuborgan muxlislarga yo'llangan «salom» edi. Ha, mavsum boshidan buyon Vardining ichida qolib ketgan qandaydir alam bilinib turibdi. U Evro-2021 bahslariga chaqiruv olmadi. Sautgeyt bu safar qariyaning imkoniyatlarini ancha past baholadi, unga ishonch bildirmadi.

Muxlislarning esa Jeymiga bo'lgan munosabatlarini tushunsa bo'ladi. Klubda endi borgan sari liderlik mas'uliyati Yuri Tilemansga tushib boryapti. Buning ustiga u o'tgan mavsumni ancha yuqori tempda yakunladi. Buning esa Vardining o'yini tushib borayotgan paytga to'g'ri kelishida ramziy parallellik ham mavjud. Ularni tushunish mumkin. Yuri o'tgan mavsum davomida ma'lum bir tanaffussiz harakat qildi, u naq 11 oy uzluksiz sport formasini ushlab turdi va 66 o'yinda maydonga tushdi. E'tiborli tomoni, u klubida 400 dan ortiq o'yin o'tkazgan, lekin u hali endigina 24 yoshda! Ushbu tamoyillar ham «Lester»da bayroq egasi o'zgarayotganini anglatadi. Axir Yurining yoshida Vardi nima qilgan? Bu yoshda u Xarri Keyn bilan birga «tulkilar» zaxira o'rindig'ida o'z navbatlarini kutib o'tirmaganmidilar?! Ha, to'g'ri u paytdagi Jeymi bilan hozirgi Tilemansning darajasida katta farqlar ko'rinadi. Belgiyalik futbolchi Evro-2020ni ham super kayfiyatda o'tkazdi. Garchi jamoasi kutilgan natijani qayd etmagan bo'lsada u termaning asosiy qurollaridan biriga aylandi. Vardichi? U terma jamoada o'ynashdan voz kechishga qaror qildi. Zaxirada o'tirgandan ko'ra bu vaqtini oilasi davrasida o'tkazishni ma'qul ko'rdi.

Vardining shartnomasi tugashiga ikki yil qolgan. U bu vaqt mobaynida endi iloji boricha uzoqroq muddat yaxshi formada turishni istaydi, so'nggi yillari mobaynida shu choqqacha chiqqan plankasini zarracha bo'lsa ham tushirib yubormaslikka harakat qiladi. Garchi 5-6 yil oldingi o'yinini ko'rsatib berolmasada murabbiy unga ishonishda davom etaveradi. Chunki u chin ma'nodagi kapitan, bir klub ramziga aylanib ulgurgan futbolchi.

«Vardi juda yaxshi holatda». U o'ziga har tomonlama qaraydi va ishiga professionallik bilan yondashadi. Bunday tajribali futbolchilar barchaga o'rnak«, - deydi Rodjers.

Garchi ajoyib startga qaramay, Vardi endi har bir uchrashuvda maydonga tusha olmaydi. Shuningdek, u har kuni mashg'ulot o'tkazmaydi ham. U o'yin oldidan bir necha quti »Red Bull« va bir necha stakan »espresso«ni, qabul qilib oladi. Chunki bu uning doim odati. Ammo buning ham chegarasi bor albatta. Qachon dam olish kerak bo'lsa, Rodjers unga bu borada yordam beradi.

Daka hali 22 yoshda va »Lester« hujum chizig'ining kelajagi sifatida ko'rilmoqda. Ammo uning kelishi Vardini sira ham tashvishga solmaydi. Jeymiga o'rinbosar bo'lishning o'zi g'alati. Uning pozitsiyasida boshqa Vardilar porlaydi - faqat Jeymi ketsagina. Uning joyi faqatgina uning o'zimniki, har o'yinda shunday uvillovchi «qariya tulki»niki. Boshqacha bo'lishi ham mumkin emas. Shunaqa.

 

Yusufbek Saydaliev tayyorladi

Manba: stadion.uz

Yangiliklarni Telegramda o'qing!
BILDIRILGAN FIKRLAR
QIZIQARLI FAKT VA IQTIBOSLAR