logotip
Assalom-u alaykum, Mehmon!
Soat: 10:52
KirishA'zo bo'lish
TAVSIYA QILAMIZ:
Real Madrid Fans Uzbekistan
Chiroyli.com - Tezkor yangiliklar
Van Deyk «qaynoq» o'yinlardan umidvor

 25 AVGUST, 10:05 57

.

O'tgan mavsum jiddiy jarohat tufayli deyarli o'ynamagan Virjil van Deyk yana safda. Bu «Liverpul» ustozi Yurgen Kloppni rosa xursand qilayotgani tayin. Qolaversa, niderlandiyalik himoyachi yaqinda «qizillar» bilan shartnomasi muddatini uzaytirdi va endi 2025 yilning yozigacha «Enfild Roud»da qoladi. Ma'lumot uchun, u yangi mavsum startidan oldin klubda hamkorlik bitimini yangilagan 4-futbolchi bo'ldi. «Liverpul» rasmiy sayti shu bahona Virjilni suhbatga chorladi.

- Virjil, avvalo, yangi shart­noma bilan tabriklaymiz. Hozirda aynan nimalarni his qilyapsiz?

- Hamkorlikni davom ettirishdan xursandman va bundan faxrlanaman. Oilam ham g'ururlanmoqda. Xullas, hozirgacha bajargan mashaqqatli ish besamar ketmayapti. Muhimi, klubdagi kelajagimga ishonch bilan qarayapman. Umid qilamanki, ulkan zafarlarimiz hali oldinda.

- Shartnoma muddatini uzaytirish masalasida bir to'xtamga kelishda qiynalmadingizmi?

- Yo'q, aslo. «Liverpul» safiga qo'shilgan birinchi kundanoq muxlislar, jamoadoshlarim va klub xodimlari mehrini yaqqol his qildim. Hamma meni  birdek qo'llab-quvvatladi. Shu munosabat o'laroq, jamoaning bir qismiga aylanishim mumkinligini tushundim. Hammasi kutilganidan-da yaxshi ketayotgandi, afsuski, avvalgi mavsum ritmni buzdi. Ochig'i, barchasini yana esga olishni aslo xohlamayman. Asosiysi, bu erda o'tkazgan vaqtdan chinakamiga zavqlandim, keyinchalik ham shunday bo'lishini istayman. Albatta, muxlislar bilan birga imkon boricha ko'proq shodlanishni xohlayman.

- «Liverpul»ga 3,5 yil oldin kelgandingiz. Hozir Liverpulda o'zingizni xuddi uydagidek his qilayotgandirsiz...

- Ha, albatta. Aynan jamoadoshlarim, klub xodimlari va muxlislar tufayli yangi muhitga moslashishda muammo sezmadim, nisbatan qisqa fursatda hammasiga ko'nikdim. Albatta, bunda meni nihoyatda iliq kutib olishgani ta'siri bor.

- Ortda qolgan vaqtda «Liverpul»ga munosabatingiz nechog'li o'zgardi? Bu erga kelishdan oldingi tasavvurlaringiz to'g'ri chiqdimi?

- O'ylaymanki, ko'pchilik «Liverpul»ning qanday klub ekanligini biladi. Lekin jamoa naqadar katta va buyukligini teran anglash uchun uning ichiga tushish kerak. Demoqchimanki, barchasini o'z ko'zingiz bilan ko'rishingiz boshqacha, baribir. Albatta, «Liverpul» bilan shartnoma tuzishdan oldin ham jamoaning dahshatli muxlislar armiyasi haqida eshitgan, uning naqadar fidoiy ekanligini bilganman. Lekin deylik, AQShda olib borilgan o'quv-mashg'ulotlar yig'ini chog'i jamoa muxlislari geografiyasi men o'ylagandan ancha kengligini tushundim. Hammasi shunchaki, fantastik darajada, muxlislarimizni nihoyatda yaxshi ko'raman.

- Fabino, Alisson va Trent-Aleksandr Arnold ham yaqinda klub bilan yangi shartnoma tuzdilar...

- Bu yigitlar jamoaning muhim a'zolari, saviyali futbolchilar. Shunday ekan, ularning yangi bitim ostiga imzo chekishgani - yaxshi yangilik. Bu jumladan, klub uchun ham muhim lahzadir.

- Kayfiyat qanday, to'liq kuch bilan o'ynashga tayyormisiz?

- Avstriya va Frantsiya yig'inlarida qator o'rtoqlik uchrashuvlari o'tkazildi va ularda maydonga tushdim. O'ylaymanki, muammo ortda qoldi va endi tezroq yuqori sport formasini tiklasam, bas. Menimcha, yangi mavsumda aksariyat o'yinlar «qaynoq» o'tadi. Shunday ekan, bor kuch bilan to'p surish talab etiladi.

- Jamoa muxlislariga nima deysiz?

- O'yinlardan zavqlaning, bizni butun mavsum davomida oldingidek, qo'llab-quvvatlang. Sizlarni sog'inib qoldik. Qanday o'ynashimiz sizlarga ham bog'liq, albatta.

- Yangi mavsum uchun shaxsiy maqsadlaringiz...?

- Iloji boricha ko'proq o'ynab, avvalgi maromga qaytish. Yaxshiyamki, faoliyatimda ko'p jarohatlangan emasman. Umid qilamanki, o'tgan mavsumdagi holat yagona bo'lib qoladi. Tabiiyki, uzoq vaqt maydon chetida qolgan futbolchining to'liq tezlik olishiga ma'lum vaqt kerak bo'ladi. Muhimi, organizmimni, qancha yuklama olishim kerakligini yaxshi bilaman. Qolganini mavsum davomida ko'ramiz.

Manba: stadion.uz

Yangiliklarni Telegramda o'qing!
BILDIRILGAN FIKRLAR
QIZIQARLI FAKT VA IQTIBOSLAR