UEFA Angliyani Evro-2028 musobaqasidan, klublarni esa evrokuboklardan chetlatishi mumkin
16 SENTYABR, 2024, 15:36
Evropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqi (UEFA) Angliya terma jamoasini 2028 yilda o'z uyida bo'lib o'tadigan Evropa chempionatidan, shuningdek, ingliz klublarini Evrokuboklardan chetlatishi mumkin. Bunga futbolni nazorat qiluvchi organ haqidagi qonun loyihasi sabab bo'lmoqda.
Mart oyida Buyuk Britaniya hukumati yangi nazorat organi haqida qonun loyihasini taqdim etdi. Bu organ boy klublarning alohida ligalarga qo'shilishini oldini olish va klublarni moliyaviy xatolardan himoya qilish uchun yaratiladi.
Manbaga ko'ra, sentyabr oyida UEFA bosh kotibi Teodor Teodoridis Buyuk Britaniya madaniyat, OAV va sport vaziri Liza Nendiga maktub yozib, hukumatning futbol boshqaruviga aralashuvidan ogohlantirgan. Aks holda ingliz klublari va terma jamoalari UEFA musobaqalaridan, jumladan, Evropa chempionati va Chempionlar Ligasidan chetlatilishi mumkin. Qolaversa, UEFA Evropa saralash o'yinlarini o'tkazayotgani uchun Angliya Jahon chempionatiga chiqishda muammolarga duch keladi.
Ushbu maktub 2 sentyabr kuni yuborilgan, lekin hali Nendi tomonidan javob olinmagan. UEFA esa bu ma'lumotga izoh bermagan.