Aleksandr Krestinin: «Qiyin raqib bilan o'ynadik»
16 SENTYABR, 2024, 00:36
Superliganing 18-turidan o'rin olgan «Andijon» – «Lokomotiv» (1:2) o'rtasidagi uchrashuvdan keyin tashkil etilgan matbuot anjumanida dastlab mehmonlar bosh murabbiyi Aleksandr Krestinin savollarga javob berdi.
- Birinchi navbatda «Lokomotiv» muxlislarini g'alaba bilan tabriklayman. Bizni uyda ham, safarda ham tinmay qo'llab turishibdi. Shu bilan birga yigitlarimizni ham alohida tabriklayman. Juda kerakli uch ochkoni qo'lga kiritdik. Qiyin raqib bilan o'ynadik va unda g'alaba qozonganimizdan xursandman. «Andijon» jamoasini muxlislari o'z uyida fantastik darajada qo'llab-quvvatlaydilar. O'zbekiston Kubogi finaliga chiqqan jamoaga qarshi to'p surish bizga ancha qiyinchilik tug'dirdi.
- «Lokomotiv» oxirgi ikkita turda kerakli natijalarni qo'lga kirityapti. Buni asosiy sababi nimada?
- To'g'ri, g'alaba futbolchilarga ruhiy tomondan ta'sir ko'rsatadi. Ularni maydonda faol va bir-birini tushunib o'ynashayotgani g'alabamizga zamin bo'lyapti. Psixologik tayyor bo'lgach, g'alaba qozonadigan vaqtlar ham kelgandi.
- Birinchi taymga nisbatan ikkinchi taymda «Andijon» yaxshiroq o'ynagandek tuyuldi.
- Birinchi golni urganimizdan keyin ba'zi vaziyatlarda xatoga yo'l qo'ydik, tan olaman va bu rejamizda yo'q edi. O'yinda nimadir noto'g'ri kechgan holatda kutilmaganda to'p o'tkazib yubordik. Oxirida yaxshi harakatimiz hisobiga g'alabani qo'lga kiritdik.
- «Lokomotiv» qaysi jihatlari bo'yicha raqibidan ustun keldi? Go'yoki, bugun ayyor taktika tanlangandek...
- Qanday ayyor taktika bo'lishi mumkin? Raqibdan ko'ra bitta ko'p gol urdik. Shu sabab tufayli g'alabaga erishdik. Menimcha, bu vaziyatni alohida tahlil qilib chiqish shart emas.