Sergey Lushan: “Yagona gol uchrashuv taqdirini hal qilishini oldindan bilgandik”
15 SENTYABR, 2024, 00:54
O'zbekiston Superligasining 18-turidan o'rin olgan “Navbahor” – “Nasaf” (0:1) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida mezbonlar bosh murabbiyi Sergey Lushan ishtirok etib, OAV xodimlarining savollariga javob berdi. “Lochinlar” ustozi odatdagidek, o'z so'zini bellashuv haqidagi fikrlari bilan boshladi.
— Ikki jamoa uchun ham og'ir bahs bo'ldi. Yagona gol uchrashuv taqdirini hal qilishini oldindan bilgandik. Jamoalar kuchi teng edi, ammo darvozamizga yo'llangan yagona zarba golga aylandi. Balki, “Nasaf”da mahorat ustunlik qilib, omad kulib boqqandir? Raqibni g'alaba bilan tabriklayman. “Nasaf” bejizga birinchi o'rinda bormayotganini isbotlamoqda. Endi “Nasaf”ni chempion bo'lishiga judayam ishonaman. Bizda ham 1-2ta vaziyatlar bo'ldi, lekin biz vaziyatlarni ko'kka sovurdik. Umuman olganda, ta'kidlaganimdek, uchrashuv teng kurashlar ostida kechdi, ammo omad qarshiliklarga kulib boqdi.
— “Navbahor” FIFA kunlarida nazorat uchrashuvi tashkil qilganida, jamoaga foydaliroq bo'larmidi?
— Yo'q. Bu bizga kerak emas edi. Men bosh murabbiy sifatida jamoamga nima ko'proq foyda berishini bilaman.
— “Nasaf” ustozi Ro'ziqul Berdiev bugun “Navbahor” o'yinda ustunlik qildi, deb aytib o'tdi. Jamoangiz bugun haqiqatdan ham raqibdan ustunroq edimi? Ro'ziqul Berdievning fikrlariga qo'shilasizmi?
— Biz g'alaba qozonganimizda, men ham xuddi shunday degan bo'lardim. Biz raqib yo'l qo'yib berganicha o'ynadik. Biz birinchi bo'limda ikkita va 2-bo'limda yarimta xavfli vaziyatga ega bo'ldik, ammo ulardan foydalana olmadik. Raqib esa darvozamiz tomon bor-yo'g'i bitta aniq zarba berdi va bu gol bilan yakunlandi. Bugun omad raqiblarga kulib boqdi, lekin omad faqat kuchlilarga kulib boqadi. O'yin natijasi bitta golgacha kechishi aniq edi. Yosh futbolchimiz birinchi marotaba bunday o'yinda ishtirok etdi, ammo xatoga yo'l qo'ydi. Yosh o'yinchilar bunday vaziyatlarda xatolar qilishadi. Hechqisi yo'q, bu futbolchimizga saboq bo'ladi. U juda iqtidorli va men u namoyish etgan o'yindan to'liq qoniqdim.
— Jamshid Iskanderovda uchrashuvning 2-bo'limi yarmidan so'ng, biroz charchoq alomatlari sezilgandek tuyuldi? Ushbu holatga fikr bildirib o'tsangiz...
— Iskanderov terma jamoa bilan edi. Lekin termada unga o'yin amaliyoti berilmadi. Ta'kidlash joizki, terma jamoada esa faqat taktik tomonlama tayyorgarlik ko'riladi. Qolgan jihatlar ustida deyarli ishlanmaydi. Jamshid terma jamoa safida ikki hafta davomida mashg'ulotlarda qatnashdi, ammo maydonga tushirilmadi. Futbolchi terma jamoa safida zaxira qolishi bu normal holat. To'g'risini aytsam, bugun Hamrobekovni zaxirada qoldirish niyatim ham bor edi. Ochig'i, men faqatgina 5 oktyabr sanasini kutib yashayapman. Qolgani meni umuman o'ylantirmaydi. Shunday uchrashuvlar orqali finalga tayyorgarlik ko'rib kelamiz. Mavsumdagi asosiy maqsadimizni bajarish uchun finalda g'alaba qozonishimiz kerak. Ko'p savollarga shu erda javob berdim, deb o'ylayman.
— Bugun jamoangizning g'alaba qozonishi yoki durang qayd etishiga nima xalal berdi?
— Raqib jamoa xalal berdi. Biz himoyada qo'pol xatoga yo'l qo'ydik. Sayfiev qizil kartochkasi sababli, o'yinni o'tkazib yuborayotgani uchun yosh futbolchini birinchi marotaba qaydnomaga kiritdik. Boshqa ilojimiz yo'q edi.
Shunday bo'lsada, uning o'yinidan to'liq qoniqdim. Uning kelajagi porloq. O'sha futbolchi o'zi uchun asosiy bo'lmagan pozitsiyada harakatlandi. Shunga qaramay, “Nasaf”ning eng asosiy o'yinchisini to'liq zararsizlantira oldi.
“Navbahor” PFK matbuot xizmati.