Superliga. "Dinamo" "Navbahor" o'yini sanasi o'zgardi
13 SENTYABR, 2024, 22:12
"Dinamo" "Navbahor" taklifiga rozilik berdi va uchrashuv sanasi o'zgardi.
Avvalroq "Dinamo" O'zbekiston kubogi finalida o'ynay olmasligi aniq bo'lgan "Paxtakor" klubining xalqaro maydondagi ishtirokidan kelib chiqib, Superliga o'yinini ko'chirish yuzasidan bergan taklifiga rozi bo'lgandi. Endilikda Vadim Abramov boshchilik qilayotgan jamoa kubok finaliga yo'l olgan "Navbahor" bilan kelishuvga erishdi.
5 oktyabr kungi final oldidan "Navbahor" Superliganing 14-turidan qolib kelayotgan "Dinamo"ga qarshi uchrashuvni o'tkazish uchun 30 sentyabr kuni Samarqandga tashrif buyurishi kerak edi. Finalning ikkinchi ishtirokchisi bo'lgan "Andijon" esa 25 sentyabr kuni o'z maydonida "Neftchi" klubini qabul qiladi.
Liga taqvim shakllantirayotganda kubok finaliga kim yo'llanma olishi aniq bo'lmagan. Bunda "Surxon" va "Andijon" klublarining hamda "Navbahor" va "Paxtakor" klublarining finalga qadar bo'lgan yo'lida o'xshashlik mavjud edi (30 sentyabrda "Paxtakor" Elit Chempionlar ligasida, "Navbahor" Superliga qoldirilgan o'yinida ishtirok etishi belgilangandi).
Final ishtirokchilari aniq bo'lgach, "Navbahor" "Dinamo" bilan bellashuv sanasini ikkinchi bor qayta o'zgartirishni so'radi (avvalroq klub kubok chorak finalidan o'rin olgan "So'g'diyona" bilan o'yin oldidan Dinamo'ga qarshi to'qnashuv sanasini ko'chirishni so'ragandi).
Taqvimdagi zichlikdan kelib chiqib, Liga mazkur so'rovni qabul qilmadi. Bellashuvni ko'chirish imkoniyati u faqatgina FIFA kunlaridan birida o'tsagina mavjud edi. Natijada "Dinamo" va "Navbahor" oktyabr oyidagi FIFA kunlarida o'ynashga kelishib oldi. Endilikda Samarqanddagi o'yin 12-oktyabr shanba kuni bo'lib o'tadi. Terma jamoaga a'zo futbolchilarning Superliga 14-turidan qolib kelayotgan uchrashuvda ishtirok eta olmasligi har ikki klub tomonidan qabul qilindi.