"Kristal Pelas" va "Rayo" muxlislari final oldidan Leyptsigda ommaviy janjal uyushtirishdi
27 MAY, 2026, 15:54
Konferentsiyalar Ligasi final uchrashuvi oldidan "Kristal Pelas" va "Rayo Valekano" muxlislari o'rtasida to'qnashuvlar sodir bo'ldi.
Turnirning final o'yini bugun, 27 may kuni Leyptsig shahrida bo'lib o'tadi va Toshkent vaqti bilan soat 00:00 da boshlanadi.
BBC nashrining Saksoniya politsiyasiga tayanib xabar berishicha, seshanba kuni kechqurun shahar markazida "Rayo Valekano"ning 300 ga yaqin muxlisi restoran terrasalarida o'tirgan "Kristal Pelas" fanatlari bilan to'qnashuv uyushtirgan. Mojaro ishtirokchilari bir-birlariga shishalar, mebellar va pivo bokallarini uloqtirishgan va voqea joyiga etib kelgan politsiya xodimlari mushtlashuvni bartaraf etishgan.
Keyinchalik, 60 ga yaqin kishidan iborat "Pelas" fanatlari guruhi yonidan o'tib ketayotgan "Rayo" muxlislarini provokatsiya qilgan, biroq politsiya tartibbuzarliklarning oldini olishga muvaffaq bo'lgan.
