Mareska «Manchester Siti» bilan shartnoma imzoladi
26 MAY, 2026, 13:12
«Chelsi»ning sobiq bosh murabbiyi Entso Mareska «Manchester Siti»ni boshqaradi, deb xabar bermoqda insayder Fabritsio Romano.
Manbaga ko'ra, 46 yoshli italiyalik mutaxassis «shaharliklar» bilan 2029 yilning yoziga qadar mo'ljallangan shartnoma imzoladi. U kelasi mavsum oldidan jamoaning transfer ishlarida ham faol ishtirok etadi.
Eslatib o'tamiz, 22 may kuni «Manchester Siti» Xosep Gvardiola mavsum yakunida jamoani tark etishini e'lon qilgan edi. Ispaniyalik mutaxassis 2016 yildan buyon klub bosh murabbiyi sifatida faoliyat yuritib kelayotgandi.
Mareskaning oxirgi ish joyi «Chelsi» bo'lib, u 2026 yilning yanvarida londonliklar safini tark etgan edi. Entso London klubi bilan Konferentsiyalar ligasi hamda klublar o'rtasidagi jahon chempionatida zafar quchgan.
Shuningdek, italiyalik mutaxassis faoliyati davomida «Lester» va «Parma» jamoalarini ham boshqargan. 2022 yildan 2023 yilgacha esa u «Manchester Siti»da Xosep Gvardiolaning yordamchisi sifatida ishlagan.
