Entso Fernandes «Siti»ga o'tishga tayyor
23 MAY, 2026, 19:48
«Chelsi»ning sobiq bosh murabbiyi Entso Mareska Xosep Gvardiola o'rniga «Manchester Siti» ustozi bo'lishi mumkin. Touchline nashri xabariga ko'ra, italiyalik mutaxassis «shaharliklar» boshqaruvini qo'lga olsa, londonliklar yarim himoyachisi Entso Fernandesni jamoaga olib kelishni rejalashtirmoqda.
Manbaga ko'ra, futbolchi va murabbiy o'rtasida allaqachon dastlabki muzokaralar bo'lib o'tgan. Fernandes Mareskaning yozgi transferlar oynasidagi asosiy maqsadi hisoblanadi. Argentinalik futbolchi ham ushbu o'tishga tayyor, chunki u faoliyatini Chempionlar ligasida davom ettirish istagida.
Entso Fernandes «Chelsi» safiga 2023 yilda «Benfika»dan 121 million evro evaziga kelib qo'shilgan edi. Uning londonliklar bilan tuzgan shartnomasi 2032 yilning 30 iyuniga qadar mo'ljallangan. Joriy mavsumda yarim himoyachi «ko'klar» libosida 53 ta o'yinda maydonga tushib, 15 ta gol urishga va 7 ta golli uzatmani amalga oshirishga muvaffaq bo'ldi.
