Humoyun Sultonov Avstriya turniri bosh sovrini uchun o'ynaydi
23 MAY, 2026, 09:32
Avstriyaning Klagenfurt shahrida o'tkazilayotgan tennis bo'yicha M15 toifasiga kiruvchi turnirning ilk finalchisi aniqlandi.Quvonarlisi, hamyurtimiz Humoyun Sultonov ortiqcha qiyinchiliksiz final chiptasini qo'lga kiritdi. Mamlakatimizning sobiq birinchi raketkasi 1/2 finalda chexiyalik 31 yoshli Dominik Rechekni 6/1, 6/0 hisobida dog'da qoldirdi.
Taqqoslash uchun, Sultonov ayni paytda ATP reytingida 806, Rechek 1002-o'rinni egallab turibdi. Bu tennischilarning o'zaro o'tkazgan ilk uchrashuvi bo'ldi. Endi Humoyun musobaqa bosh sovrini uchun turnirning ikkinchi raketkasi Samuel Periga qarshi kortga chiqadi. Italiyalik tennischi 1/2 finalda ukrainalik Oleksi Krutixni 7/5, 6/3 hisobida engdi. Peri hozirda dunyoning 471-raketkasi hisoblanadi.

Manba: olamsport.com
