«Bu UNAI Emeri Ligasi»: «Aston Villa» o'z ustozini tarixiy rekord bilan tabrikladi
21 MAY, 2026, 05:36
«Aston Villa» Evropa ligasi finalida «Frayburg» ustidan qozonilgan g'alabadan (3:0) so'ng, X ijtimoiy tarmog'ida jamoa bosh murabbiyi Unai Emerini ushbu turnirdagi beshinchi chempionligi bilan tabrikladi.
«Bu UNAI Emeri Ligasi», — deb yozib qoldirdi klub matbuot xizmati.
Emeri Evropa ligasida besh marta g'olib chiqqan tarixdagi ilk murabbiyga aylandi. U uch marta «Sevilya» (2014, 2015, 2016), bir martadan «Vilyarreal» (2021) va «Aston Villa» (2026) bilan ushbu turnirda zafar quchgan.
«Aston Villa» o'z tarixida ilk bor Evropa ligasida g'olib chiqdi. Bu ingliz klubi uchun 1982 yildan beri ilk yirik evrokubok finali edi. O'shanda jamoa Evropa chempionlar kubogi va UEFA Superkubogini qo'lga kiritgan edi.
