Mourino «Real»da Kamavinganing o'rniga APL futbolchisini ko'rishni xohlamoqda
20 MAY, 2026, 11:18
Madridning «Real» klubi bo'lajak bosh murabbiyi Joze Mourino yarim himoyachi Eduardo Kamavinganing o'rniga nomzod tanlab ulgurdi. Portugaliyalik mutaxassis frantsuz futbolchisini o'z jamoasida ko'rmayapti, bu haqda so'nggi kunlarda turli manbalar xabar tarqatgan edi.
Jurnalist Latigo Serrano bergan ma'lumotlarga ko'ra, «The Special One» ushbu pozitsiya uchun asosiy variant sifatida «Vulverxempton» a'zosi Joao Gomesni ko'rmoqda.
Transfermarkt portali ekspertlari tomonidan 35 million evroga baholangan braziliyalik futbolchiga Madridning «Atletiko», «Manchester Yunayted», «Chelsi» va «Liverpul» klublari tomonidan ham qiziqish borligi aytilgan edi. Joriy mavsumda 25 yoshli o'yinchi «bo'rilar» safida 41 ta uchrashuvda maydonga tushib, 1 ta gol va 3 ta assistni o'z hisobiga yozdirib qo'ydi.
