O'zbekiston — Niderlandiya uchrashuvi xarajatlari qanday qoplanadi? O'FA rasmiy bayonot berdi
19 MAY, 2026, 18:36
O'zbekiston milliy terma jamoasi joriy yilning 8-iyun kuni AQShning Nyu-York shahrida Niderlandiya milliy terma jamoasiga qarshi o'rtoqlik uchrashuvida maydonga tushadi.
So'nggi kunlarda ayrim manbalar va ijtimoiy tarmoqlarda mazkur uchrashuv uchun O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O'FA) tomonidan Niderlandiya terma jamoasiga 300 ming AQSh dollari miqdorida mablag' to'lanishi haqida asossiz xabarlar tarqalmoqda.
O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi ushbu ma'lumotlar haqiqatga mutloqo to'g'ri kelmasligini ma'lum qiladi. Mazkur o'rtoqlik uchrashuvini o'tkazish uchun Niderlandiya futbol federatsiyasiga hech qanday mablag' to'lanmaydi.
Uchrashuvni tashkil etish bilan bog'liq stadion ijarasi, xavfsizlik, translyatsiya hamda boshqa tashkiliy xarajatlar tomonlar o'rtasidagi kelishuvga muvofiq teng taqsimlanadi. Shuningdek, O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi xalqaro o'rtoqlik o'yinlarini tashkil etishda hamisha o'zaro manfaatli hamkorlik va amaldagi xalqaro tartiblar asosida ish olib boradi.
