JCh-2026 dan tashqarida qolgan Kamavinga «Real»dan ketishga qaror qildi
17 MAY, 2026, 16:18
Madridning «Real» klubi yarim himoyachisi Eduardo Kamavinga Frantsiya terma jamoasi murabbiylar shtabining qaroridan norozi bo'ldi. Milliy terma jamoa ustozi yarim himoyachini bo'lajak Jahon chempionati – 2026 qaydnomasiga kiritmadi.
Teamtalk nashrining xabar berishicha, Kamavinga «Real»dagi o'z o'yinidan ham qoniqmayapti va faoliyatini boshqa klubda davom ettirish vaqti keldi, degan qarorga kelgan. Frantsiyalik futbolchi potentsial xaridorlar bilan muzokaralar olib borishga tayyor. Uni o'z safiga qo'shib olishi mumkin bo'lgan variantlar sifatida «Liverpul» va «Manchester Yunayted» klublari tilga olinmoqda.
Yarim himoyachining bozor qiymati 50 million evroga baholanmoqda. Kamavinganing «qaymoqranglilar» bilan amaldagi mehnat shartnomasi 2029 yilning o'rtalariga qadar mo'ljallangan.

