Pike fond bozoridagi nayrangi uchun katta jarimaga tortildi
12 MAY, 2026, 13:00
«Barselona» klubining sobiq himoyachisi Jerar Pike fond bozoridagi amaliyotlari sababli 200 ming evro miqdorida jarimaga tortildi.
Bu haqda Ispaniya Qimmatli qog'ozlar va birjalar milliy komissiyasi (CNMV) xabar berdi. Qarorga ko'ra, sobiq futbolchi 2021 yilning boshida amalga oshirgan oldi-sotdi ishlari uchun jazolangan.
Pike insayderlik ma'lumotlaridan foydalangan holda aktsiyalarni sotib olgan va sezilarli foyda ko'rgan. Ma'lum bo'lishicha, 2021 yilning 22 yanvarida «Atrys Health» kompaniyasi «Aspy Global Services»ni sotib olish taklifini e'lon qilgan. «Aspy» bosh direktori Xose Elias Navarro ushbu kelishuv e'lon qilinishidan ikki kun oldin Pikega muzokaralar haqida ma'lumot berganlikda ayblanmoqda.
Ispaniyalik sobiq futbolchi har bir donasi 2,29 evrodan bo'lgan 104 166 dona aktsiyani sotib olib, jami 240 000 evro sarflagan. Aktsiyalar sotilgan kuni, ya'ni 27 yanvarda ularning narxi 22 foizga oshib, 2,80 evroga etgan va natijada Pikening aktivi qiymati 50 ming evroga ko'paygan.
Ispaniya Qimmatli qog'ozlar milliy komissiyasi bu holatni «maxfiy ma'lumotlarga ega bo'lgan holda aktsiyalarni sotib olish orqali bozorni suiiste'mol qilish» deb baholadi.
