«Vilyarreal» o'z tarixida ilk bor ketma-ket ikki marta Chempionlar ligasi yo'llanmasini qo'lga kiritdi
2 MAY, 2026, 20:36
«Vilyarreal» o'z tarixida ilk bor ketma-ket ikki mavsum Chempionlar ligasida ishtirok etadigan bo'ldi.
Marselino Garsiya Toral shogirdlari La Liganing 34-turida o'z maydonida «Levante»ni tor-mor keltirdi (5:1). Ayni damda «sariq suv osti kemasi» turnir jadvalida uchinchi o'rinni egallab turibdi va beshinchi o'rindagi «Betis»ni 18 ochkoga ortda qoldirmoqda.
Kastelon viloyati jamoasi joriy mavsumda EChLning umumiy bosqichida qatnashdi, biroq 8 o'yinda bor-yo'g'i bir ochko jamg'arib, jadvalda 35-o'rinni egalladi va pley-offga chiqa olmadi.
Bungacha «Vilyarreal» to'rt marta Chempionlar ligasida ishtirok etgan. Jamoa 2005/06 yilgi mavsumda yarim finalgacha etib borgan (klub tarixidagi eng yaxshi natija), 2008/09 yilgi mavsumda chorak finalda to'xtagan, 2011/12 yilgi mavsumda guruhdan chiqa olmagan va 2021/22 yilgi mavsumda yana 1/2 finalga qadar etib borgan edi.
