Maktominay: «Konte menga futbolni boshqacha ko'z bilan qarashni o'rgatdi»
2 MAY, 2026, 07:30
Shotlandiyalik hujumkor yarim himoyachi Skott Maktominay «Napoli»dagi yutuqlarini Antonio Konte bilan bog'laydi. Uning so'zlariga ko'ra, murabbiy uni futbolga mutlaqo boshqacha nigoh bilan qarashga o'rgatgan.
«Konte — ajoyib murabbiy ekanligi kunday ravshan. Uni hamma taniydi, hamma uning uslubi va ishlash manerasini biladi. U bilan ishlash men uchun aql bovar qilmaydigan tajriba bo'ldi, chunki u menga futbolni boshqacha burchakdan ko'rishni o'rgatdi. Bu esa men uchun fundamental darajada muhim bo'lib chiqdi», — deya shotlandiyalik futbolchining so'zlaridan iqtibos keltirmoqda calcionapoli1926.it.
Hozirda neapolliklar Italiya A Seriyasi turnir jadvalida ikkinchi o'rinni egallab turishibdi. Skott Maktominay ushbu klub sharafini 2024 yildan buyon himoya qilib kelmoqda.
