"Venetsiya" birinchi urinishdayoq A Seriyaga qaytdi
1 MAY, 2026, 21:24
Italiyada ahamiyati bo'yicha ikkinchi o'rinda turuvchi futbol divizioni – B Seriyaning navbatdagi tur o'yinlari bo'lib o'tdi. «Venetsiya» safarda «Spetsiya» bilan durang o'ynadi (2:2), ammo shunga qaramay, yuqori divizionga chiqish masalasini muddatidan oldin hal qildi. Bunga «Montsa»ning «Mantuya»ga imkoniyatni boy bergani (2:3) sabab bo'ldi.
Chempionat yakunlanishiga bir tur qolganda B Seriya turnir jadvalining kuchli uchligi quyidagicha ko'rinish olgan: «Venetsiya» (79 ochko), «Frozinone» (78 ochko) va «Montsa» (75 ochko).
Ko'rib turganingizdek, «Venetsiya» endi ikkinchi o'rindan pastga tushib ketmaydi. Bu esa klubni A Seriyaga yo'llanma olgani bilan tabriklash mumkinligini anglatadi.
«Venetsiya» yuqori divizionga birinchi urinishdayoq qaytdi — jamoa o'tgan yili quyi ligaga tushib ketgan edi.
