Fabritsio Romano Gilermo Ochoaning mundialdagi ishtiroki va faoliyatini tugatishi haqida xabar berdi
1 MAY, 2026, 11:06
Meksika futboli afsonasi, darvozabon Gilermo Ochoa jahon chempionatida ishtirok etadi. Bu haqda insayder Fabritsio Romano o'z ijtimoiy tarmoqlarida ma'lum qildi.
Shuningdek, Romanoning ta'kidlashicha, Ochoa turnir yakunlanganidan so'ng ham xalqaro, ham klub darajasida faoliyatini yakunlaydi. Agar kutilmagan holatlar yuz bermasa, meksikalik posbon o'z faoliyatidagi oltinchi jahon chempionatida maydonga tushadi va bu borada Krishtianu Ronaldu hamda Lionel Messining natijasini takrorlaydi. Hozirda jami 8 nafar futbolchi hisobida 5 tadan mundialda ishtirok etish ko'rsatkichi mavjud.
Ochoa 2014, 2018 va 2022 yilgi jahon chempionatlarida asosiy darvozabon bo'lgan bo'lsa, yana ikkita turnirda zaxirada qolgan edi. O'z vaqtida «Amerika», «Malaga» va «Ayachcho» kabi klublardagi o'yinlari bilan tanilgan futbolchi hozirda Kiprning AEL jamoasi sharafini himoya qilmoqda.
