Superliga. OKMK so'nggi daqiqalarda gol urib, kambek evaziga «Lokomotiv»ni mag'lub etdi
27 APREL, 2026, 22:18
Superliganing 10-turidan o'rin olgan uchrashuvda Olmaliqning OKMK jamoasi Toshkentning «Lokomotiv» klubini qabul qildi.
Bellashuvning birinchi bo'limida hisob ochilmadi. «Lokomotiv» bir necha xavfli vaziyatlar yaratdi, xususan, 25-daqiqada Temurxo'ja Abduxoliqovning chiroyli pasidan keyin Yovan Nishich ustunni nishonga oldi, qaytgan to'pga Bilol To'pliev zarba berdi, ammo darvozabon seyv amalga oshirdi.
Ikkinchi bo'limda mehmonlar hisobni ochishga muvaffaq bo'ldi. 53-daqiqada Muhammadali Reimovning ajoyib uzatmasidan keyin Sardor Mirzaev gol urib, «Lokomotiv»ni hisobda oldinga olib chiqdi.
72-daqiqada esa Avazbek O'lmasaliev hisobni tenglashtirdi. Uchrashuvning asosiy vaqti yakuniga yaqin, 90+1-daqiqada Nodir Abdurazzoqov gol urib, OKMKga muhim g'alabani taqdim etdi.
Shu tariqa, «Lokomotiv» yaxshi o'yin namoyish etgan bo'lsa-da, so'nggi daqiqalarda ochko yo'qotdi. OKMK esa ushbu g'alaba evaziga o'z ochkolarini 15 taga etkazib, jadvalda 6-o'ringa ko'tarilib oldi. "Lokomotiv" esa 14 ochko bilan 7-o'ringa tushdi.
Superliga, 10-tur
27 aprel, yakshanba
OKMK — «Lokomotiv» 2:1
Gollar: Sardor Mirzaev, 53 (0:1), Avazbek O'lmasaliev, 72 (1:1), Nodir Abdurazzoqov, 90 (2:1).
