"Manchester Siti" Bernardu Silvaga La Ligadan o'rinbosar topdi
27 APREL, 2026, 10:30
"Jirona" yarim himoyachisi Azzedin Unai "Manchester Siti" qiziqishlari doirasiga tushdi. Angliya grandi jamoani tark etayotgan Bernardu Silvaning o'rniga markaziy chiziqni kuchaytirish uchun nomzod qidirmoqda.
El Chiringuito nashri tarqatgan ma'lumotlarga ko'ra, "shaharliklar" o'tgan jahon chempionatidagi yorqin o'yinlari orqali keng ommaga tanilgan Unai nomzodini ko'rib chiqmoqda. Eslatib o'tamiz, "Jirona" ham, "Manchester Siti" kabi City Football Group xoldingiga tegishli.
O'tgan yilning yozida Azzedin Unai "Marsel"dan Kataloniya klubiga 6 mln evro evaziga o'tgan edi. Hozirda marokashlik futbolchining bozor qiymati Transfermarkt portali tomonidan 10 mln evroga baholanmoqda. 26 yoshli futbolchi La Liganing joriy mavsumida 19 ta o'yinda maydonga tushib, o'z hisobiga 5 ta gol va 3 ta golli uzatmani yozdirib qo'ydi.
