«Liverpul» Bekker transferi bo'yicha «Yuventus»ning pozitsiyasidan g'azabda
25 APREL, 2026, 09:24
«Yuventus» «Liverpul» darvozaboni Alison Bekker bilan shaxsiy shartnoma shartlari bo'yicha kelishuvga erishdi. Endi Turin klubi mersisaydliklar bilan potentsial transfer shartlarini kelishib olishi kerak. Bu haqda Calciomercato xabar bermoqda.
Manba bergan ma'lumotga ko'ra, «qizillar» 33 yoshli posbonning o'tishi uchun 10-15 million evro talab qilmoqda, «Yuventus» esa bu summani kamaytirish yoki umuman to'lamaslikni xohlayapti. Ta'kidlanishicha, Alisonning o'zi «keksa sinora» safiga o'tishga tayyorligi turinliklarning foydasiga ishlamoqda. Shu bilan birga, «Liverpul» «italiyaliklarning talabidan g'azabda».
Italiya grandi braziliyalik darvozabonga soliqlar to'langanidan keyin mavsumiga 5-6 million evro maosh bilan ikki yoki uch yillik shartnoma taklif qilishga tayyor.
Joriy mavsumda Alison barcha turnirlarda 34 ta o'yinda ishtirok etdi va ularning 13 tasida darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi. Futbolchining klub bilan amaldagi shartnomasi 2027 yilning yoziga qadar mo'ljallangan. Transfermarkt portali ma'lumotlariga ko'ra, darvozabonning bozor qiymati 17 million evroni tashkil qiladi.
