«Real» yarim himoyachisining yozda jamoani tark etishi aniq bo'ldi
24 APREL, 2026, 09:42
Madridning «Real» klubi yarim himoyachisi Dani Sebalos, katta ehtimol bilan, jamoadagi so'nggi mavsumini o'tkazmoqda. Ispaniyalik futbolchining shartnomasi kelasi yilning o'rtalariga qadar mo'ljallangan bo'lsa-da, «qaymoqranglilar» u bilan shu yozdayoq xayrlashishi kutilmoqda. Bu haqda nufuzli insayder Fabritsio Romano o'z hisobotida ma'lum qildi.
Potentsial xaridorlar allaqachon «Real» bilan aloqaga chiqishmoqda. 29 yoshli futbolchiga Amsterdamning «Ayaks» klubi va yana ikkita nomi oshkor etilmagan jamoa da'vogarlik qilmoqda.
Dani Sebalos 2017 yildan beri Madrid grandiga tegishli. Joriy mavsumda yarim himoyachi 22 bor maydonga tushdi, biroq samarali harakatlari bilan ajralib tura olmadi. Transfermarkt portali futbolchining bahosini 8 million evroga baholagan.
