«Real» Tchuamenini sotishni xayoliga ham keltirmayapti
22 APREL, 2026, 14:06
Evropaning bir qator top-klublari Madridning «Real» klubi yarim himoyachisi Orelen Tchuamenini o'z safiga qo'shib olish istagini bildirmoqda. Bu haqda taniqli insayder Fabritsio Romano xabar berdi.
Manbaning ta'kidlashicha, OAVda tarqalgan turli mish-mishlarga qaramay, «qirollik klubi» frantsiyalik futbolchini sotish variantini hech qachon ko'rib chiqmagan. Tchuamenini sotib olishga asosiy da'vogar sifatida «Manchester Yunayted» ko'rilmoqda, biroq «Real» rahbariyati o'z qarorida qat'iy turibdi.
Orelen Tchuameni joriy mavsumda madridliklar tarkibida barcha turnirlar doirasida 45 ta o'yinda maydonga tushib, 2 ta gol va 2 ta golli uzatma muallifiga aylandi. Uning «qaymoqranglilar» bilan amaldagi shartnomasi 2028 yilning yoziga qadar mo'ljallangan.
