Entso Mareska davrida ham bunday bo'lmagan: «Chelsi»ning hujumdagi samaradorligi nolga yaqinlashdi
22 APREL, 2026, 13:00
Londonning «Chelsi» klubi Angliya Premer-ligasi doirasida «Brayton»dan qabul qilib olingan yirik mag'lubiyatdan (0:3) so'ng tanqidlar markazida qolmoqda. «Chaykalar» har jabhada londonliklardan ustun kelishgani o'yindagi hisobda ham o'z aksini topdi.
The Touchline nashrining qayd etishicha, uchrashuvning birinchi bo'limi yakunlariga ko'ra, «Chelsi»ning kutilayotgan gollar ko'rsatkichi (xG) bor-yo'g'i 0,04ni tashkil etgan. Bu jamoaning sobiq bosh murabbiyi Entso Mareska davridagi 114 ta o'yinning hech birida kuzatilmagan eng past natijadir.
Eslatib o'tamiz, italiyalik mutaxassis Entso Mareska bir yarim yillik faoliyatdan so'ng, joriy yilning 1 yanvar kuni iste'foga chiqarilgan edi. Uning o'rnini 6 yanvar kuni Liam Rosenor egallagan.
Ayni paytda «aristokratlar»ning ahvoli havas qilarli darajada emas: jamoa APL doirasida ketma-ket 5 ta o'yinda mag'lubiyatga uchradi. Ushbu bahslardagi to'plar nisbati esa 0:11 ni tashkil etmoqda.
